Joriy yilning 20 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Koreya Respublikasi Sog`liqni saqlash va ijtimoiy ta`minot vaziri Pak Ning Xu o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi.
Muloqotda qayd etilganidek, ikki mamlakat o`rtasida ko`plab sohalar, jumladan, sog`liqni saqlash yo`nilishida hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Jumladan, mamlakatimizda tibbiy sug`urta va elektron sog`liqni saqlash tizimini yaratish, telemedisina, tibbiy turizmni rivojlantirish kabi ko`plab yo`nilishlarda izchil hamkorlikni alohida ta`kidlash joiz.
Uchrashuvda Sog`liqni saqlash sohasida O`zbekiston-Korea hamkorligi markazini tashkil etish va faoliyat ko`rsatish to`g`risida o`zaro anglashuv memorandumi alohida ahamiyat kasb etishi aytib o`tildi. Mazkur markazning ochilishi ikki mamlakat o`rtasida sog`liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlab, ikki davlat mutaxassislari o`rtasida bilim va tajriba almashinuv faollashishiga yordam beradi. Shuningdek, Memorandumga ko`ra, sog`liqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirishning bosh rejasi, shu jumladan, sohaning huquqiy asoslari, tibbiyot xodimlarining bilimlarini muntazam takomillashtirish, davlat-xususiy sektor hamkorligi hamda tibbiy turizm va tibbiy sug`urta sohasida mutaxassislar almashinuvi bo`yicha qo`shma loyihalar ishlab chiqiladi.
O`zbekiston-Koreya forumi doirasida Sog`liqni saqlashni rivojlantirishga oid o`zaro anglashuv memorandumi, O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi va Koreya Xalqaro hamkorlik jamiyati «KOFIH» o`rtasida imzolangan ishoshilinch tibbiy yordam ko`rsatish sohasidagi hamkorlik to`g`risidagi memorandum, shuningdek, Koreya Respublikasining Kyong Buk universiteti klinikasi va Samarqand Davlat tibbiyot institutining klinikalari o`rtasida o`zaro anglashuv memorandumi imzolangani ham uchrashuvda alohida e`tirof etildi.
Shu o`rinda hamkorlik samarasi o`laroq, ko`plab yirik loyihalar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Misol uchun, Toshkent shahrida koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Mustaqil davlatlar hamdustligida o`xshash yo`q to`rtinchi avlod bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazini bunyod etish jadal olib borilmoqda. Qiymati 130,58 million AQSh dollarini tashkil etgan markazda ishlaydigan xodimlar malakasini oshirish bo`yicha ham qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi va Koreya Respublikasining Milliy salomatlik sug`urtasi xizmati o`rtasida mamlakatimizda majburiy tibbiy sug`urta tizimini joriy etish bo`yicha hamkorlik to`g`risida shartnomani ham imzolangan. Koreya Respublikasining ko`plab tashkilotlari, jumladan, «KOICA», «KOFIH», «EDCF» jamg`armalari bilan hamkorlikda sog`liqni saqlash sohasida qiymati 190 million AQSh dollaridan ziyod qator sarmoyaviy va grant loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, o`tgan yili Koreyadagi klinika va ta`lim muassasalarida 35 nafar o`zbek shifokorlari o`z malakalarini oshirishgan bo`lishsa, joriy yilda davomida esa yuzga yaqin mutaxassislar malaka oshirish va tajriba almashish uchun Janubiy Koreyaga yuboriladi. O`z navbatida, o`tgan yil Koreya Respublikasining etakchi klinika va oliy o`quv yurtlarining 47 nafar mutaxassisi mamlakatimizga tashrif buyurib, ilmiy anjuman, mahorat darslari, amaliy-seminarlar hamda 80 ta yuqori texnologiyali operasiyalarni o`tkazishgan.
Do`stona va ko`tarinki ruhda o`tgan muloqotda tibbiyot sohasini rivojlantirish yo`lidagi hamkorlik bundan buyon ham izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Uchrashuvdan so`ng Sog`liqni saqlash vazirligi Markaziy apparati, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va davolash muassasalari rahbarlari, tibbiyot oliy o`quv yurtlari rektorlari ishtirokida O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov tomonidan Koreya Respublikasi Sog`liqni saqlash va ijtimoiy ta`minot vaziri Pak Ning Xu O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligining “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash a`lochisi” ko`krak nishoni hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi