1

Toshkent brendi taqdimoti bo`lib o`tdi

Jamiyat 23.04.2019, 20:39
Toshkent brendi taqdimoti bo`lib o`tdi

Shahar hokimligida Toshkent brendining taqdimoti bo`lib o`tdi. Unda shahar hokimligi apparati hamda brenddan foydalanish imkoniyati mavjud bo`lgan kompaniya vakillari qatnashdi.

Taqdimotni o`tkazishdan maqsad brenddan foydalanishni targ`ib qilish, shaharning ijobiy qiyofasi va imijini brend orqali ko`rsatishdan iborat.

Toshkent shahar Turizmni rivojlantirish departamenti rahbari Sanjar Tojiev poytaxt brendi faqatgina megapolis uchun emas, balki shahar turizm markazlari uchun ham etakchi ahamiyatga egaligi, turizmni rivojlantirishdagi o`rnini alohida ta`kidladi.

Brendni ishlab chiqqan “MA’NO branding” kompaniyasining asoschisiElinaIbragimova hamda dizayner Timur Sa`diylar brend tasviridagi ramz va belgilarga izoh berishdi.

Ma`lumot o`rnida aytib o`tish joizki, 2018 yilning iyulida Toshkent shahar jamoatchilik kengashining ekspertlari Toshkent shahar brendi ustida ish olib borishdi. Bu jarayonda dizaynerlarning 310 dan ortiq ishi ko`rib chiqildi. Saralab olingan 6 ta loyiha orasidan “MA’NO branding” kompaniyasining brend tasviri tasdiqlandi. Toshkent shahar turizm brendini tanlash jarayonida asosiy e`tibor brendni tasvirlashda kreativ yondashuv, o`ziga xoslik hamda milliy elementlarga qaratildi.

Toshkent shahrining Turizm brendida oltin rangda poytaxtning ochiq darvozalari va “T” harfi shaklida Toshkentning musaffo osmoni tasvirlangan. Toshkent shahri brendi tasviridan sayyohlar uchun buyumlar, esdalik sovg`alari ishlab chiqarishda keng foydalanish mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1