Poytaxtimizda Sog`liqni saqlash vazirligi va Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning O`zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimizda sog`liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilish mavzusida oliy darajadagi siyosiy muloqotlar bo`lib o`tmoqda.
Unga moliyaviy islohotlar va majburiy tibbiy sug`urtalashni joriy etish uchun mas`ul bo`lgan vazirlik va idora vakillari, shuningdek, JSST Evropa mintaqaviy byurosi, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shvesiya, Ispaniya, Latviya, Koreya Respublikasi kabi etakchi mamlakatlar mutaxassis va ekspertlari, xalqaro moliya tuzilma vakillari taklif etildi.
Tadbirda ta`kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimiz tibbiyot tizimida muhim o`zgarish va yangilanishlar bo`lmoqda. 2019 – 2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, tibbiyot rivojida yangi davrni boshlab berdi.
Chunki unga ko`ra, sog`liqni saqlash sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish, tibbiyot sohasida zamonaviy boshqaruv va moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish, hududlarda “klaster” modelini shakllantirish, tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, onalik va bolalik muhofazasini kuchaytirish, xususiy tibbiyot, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi va tibbiy turizmni rivojlantirish orqali investisiyalarni keng jalb etish, farmasevika tarmog`i, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka oshirish, tibbiyot fanini rivojlantirish hamda elektron sog`liqni saqlash tizimini keng joriy etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Muloqot davomida ushbu Konsepsiyadan kelib chiqqan holda sog`liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilishning asosiy ko`rinishlaridan biri davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari bo`yicha “har bir davolangan holat” uchun to`lash tizimi hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini tatbiq qilish ishlari boshlab yuborilgani aytib o`tildi.
Shuningdek, yurtimizda majburiy tibbiy sug`urtani bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida joriy yildan tizimning huquqiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Mamlakatimizda ushbu jarayon 2021 yildan joriy etish boshlanadi va birinchi navbatda, yirik tashkilotlarda majburiy sug`urta ta`minlanadi. Muloqotda ushbu jarayonda, avvalo, majburiy tibbiy sug`urta jamg`armasini tashkil etish ekani ta`kidlandi. Sog`liqni saqlash xizmatlari uchun barcha resurslar (daromad manbalaridan qat`iy nazar)ni taqsimlashda tenglik va samaradorlik maksimal darajada hisobga olinadi.
Bo`lib o`tgan muloqotlarda sohani moliyalashtirishda e`tibor qaratish lozim bo`lgan jihatlar, majburiy tibbiy sug`urta hamda elektron sog`liqni saqlashni joriy etish kabi masalalar yana bir boratroflicha muhokama etildi. O`tgan davr mobaynida jahon tajribasi vaxalqaro ekspertlar takliflari asosida ishlab chiqilgan sog`liqni saqlashni moliyalashtirish xamda majburiy tibbiy sug`urtani joriy etishga qaratilgan strategiyamizga yuqori baho berildi.
Qizg`in kechgan muloqotda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvaxitov, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari A. Abduhakimov, JSSTning iqtisodiy masalalar bo`yicha etakchi eksperti M. Yakab, JSSTning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari L.Kuppens, O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri A. Shadmanov ishtirok etishdi.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.






