Farg`ona shahridagi “Lolazor” mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi 96 bahorni qarshi olayotgan Qurbonjon otaning yoshlardek shijoati va g`ayrati bor. Ayniqsa, bayram kunlarida u kishini xonadonidan topish qiyin. Yoshlar bilan uchrashuvlar o`tkazadi, urush xotiralarini so`zlab berib, bugungi dorilamon kunlarni qadrlashni nasihat qiladi.
Ona yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini asrash uchun mardlik va jasorat ko`rsatgan bobolarimiz xotirasini e`zozlash, nuroniylarni qadrlash xalqimizga xos ezgu fazilatlardan.
Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va faxriylarga hurmat-ehtirom ko`rsatish yangicha ma`no-mazmun bilan boyidi. Bu jihatlar ayni kunlarda mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag`ishlab o`tkazilayotgan tadbirlarda yaqqol namoyon bo`layotir. Farg`ona viloyatida ham bugungi kunda bu borada aniq tadbirlar belgilangan. Ayni kunlarda shahar va tumanlarda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari xonadonida bo`linib, ular holidan xabar olinmoqda.

“Nuroniy” jamg`armasining Farg`ona shahar bo`limi raisi Mutalibjon Mo`minov hamrohligida Qurbonjon ota Sattorov istiqomat qiluvchi xonadonga qadam qo`yarkanmiz, bu erdagi ajib bir fayzni his etdik. Otaxon bizni xursandchilik bilan kutib oldi. U kishi bilan suhbatimiz ancha qizidi.
Alpomishdek kelbatli va baquvvat Qurbonjon ota har qanday suhbatdoshning tilini topa oladi. Hech qachon sizni zeriktirib qo`ymaydi. Bolalar bilan bolalarcha, o`rta yoshdagilar bilan og`ir-bosiq ohangda gaplashib, zarur maslahat va hayotiy tajribalarini ayamaydi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Q. Sattorov Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug`ilgan. 1942 yilda u ham urushga otlandi.
– Bolaginam, shu urushni umuman nomini ham eshitishni istamayman, –deydi otaxon. – Ba`zan urush haqida gap ketib qolsa, nogahon g`alabani o`z ko`zlari bilan ko`ra olmagan quroldosh do`stlarim yodimga tushadi. Ular hali ham o`n sakkiz-yigirma yoshli yigitlar bo`lib ko`rinadi. Oryol degan shahardagi muzeyda men ko`targan minomyot va suratim hali ham saqlanadi.Biz dahshatli urushni ko`rdik, yoshlarimiz esa mana bu tinchlikni, farovon kunlarni ardoqlashi kerak.
Ha, urush boshlanganida Qurbonjon ota ayni kuchga to`lgan yigit edi. Osmon qadar yuksak orzularini urush butkul o`zgartirib yubordi. Ehe, yosh bo`lsa-da, urushning dahshatli onlarini boshidan o`tkazdi. Qancha safdoshlari qo`lida jon berdi, bu bilan tushkunlikka tushib qolmadi, dorilamon kunlar kelishiga ishonardi.

Ota uzoq yillar turli sohalarda, rahbarlik lavozimlarida ishladi, halol mehnat qildi. Turmush o`rtog`i Sharofatxon aya bilan uch qizni tarbiyaladi. Shu farahbaxsh kunlarda bu inson nabirayu evara hamda chevaralarining sho`x-shodon kulgisini ko`rib, qarilik gashtini surmoqda. O`tgan yilda u kishi viloyat hokimligi tomonidan ikki xonali uy sovg`a qilindi.
–Bugungi kunda nevara va chevaralarim chet ellarda tahsil olmoqda, – deydi otaxon. – Ular orasidan fan doktori va nomzodlari ham bor. Londonda o`qigan chevaram Diyora bugungi kunda o`sha erda jurnalist bo`lib ishlaydi. Ular bilan gaplashib, shunday kunlarga shukronalar aytaman. Ayniqsa, Prezidentimiz biz, keksalarga doim g`amxo`rlik ko`rsatib, mukofotlar bilan siylaydi. Bu esa bizni yoshimizga yosh, umrimizga umr qo`shmoqda. 1 may – tug`ilgan kunimni do`stlar davrasida katta shodiyona bilan nishonlash harakatidaman.

Otaxon bilan suhbatimiz uzoq davom etdi. U kishi bizga bir gapni alohida ta`kidladi.
– Biz boburiylar avlodidan bo`lamiz, – deydi Qurbonjon ota. –Kechagidek esimda. Uyimizda kitoblar juda ko`p edi. Urushdan oldin 110 yoshga kirgan Qirmizi momom menga sulolamiz haqida yozilgan kitobni ko`rsatib, “Bobur avlodidanmiz” deb aytgandilar. Shuning uchun ham doimo farzandlarim, nevarayu evaralarimga shuni eslatib, ularga doimo ajdodlaringizga munosib bo`linglar, deya uqtiraman.
Davlatimiz rahbarining joriy 23 aprelda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag`batlantirish to`g`risida”gi farmoni va “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu kabi insonlarga bo`lgan yuksak e`tibor ifodasi bo`ldi.
Fashizm ustidan qozonilgan g`alabaga hissa qo`shgan nuroniy otaxon va onaxonlar barchamizning faxr-iftixorimizdir. Qurbonjon ota singari yoshi ulug`larimiz bizni tinchlik va osuda hayotning qadriga etishga, Vatanga sadoqat hissi bilan yashashga chorlaydi.






