Joriy yil 27 aprel kuni Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz bo`ylab navbatdagi sog`lom turmush tarzi targ`ibotiga bag`ishlangan ommaviy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, poytaximiz markazidagi “Mehrjon” hiyobonida 5 kilometr masofaga faol yurish va muassasalararo sport musobaqalari, jumladan, arqonda sakrash, shaxmat, shashka, voleybol, stol tennisi, badminton, to`siqlardan o`tish estafetasi o`tkazildi.
Shu o`rinda qayd etish kerakki, jismoniy faollik – sog`lom turmush tarzi va tananing to`g`ri ishlashini ta`minlashda zarur omil hisoblanadi. Zo`riqishlarsiz va muntazam jismoniy faoliyat tananing to`g`ri ishlashini ta`minlaydi. Jismoniy faollik borasida cheklov yo`q. Uni turli mashg`ulotlar orqali amalga oshirish mumkin. Bunda jismoniy mashqlar uchun kuniga 20-30 daqiqadan kam bo`lmagan vaqt ajratish tavsiya etiladi. Masalan, yurish, ertalabki badan tarbiya, velosipedda sayr va boshqalar. Amalga oshirilayotgan harakatlar davomiy va tizimli bo`lgandagina yanada samarali ta`sir ko`rsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, bolalar va o`smirlar quyi jismoniy faollikdan yuqori darajadagi faollikka qadar kun davomida 60 daqiqadan kam bo`lmagan vaqtda shug`ullanishi kerak. Qolaversa, tayanch-harakat tizimiga yo`naltirilgan mashqlar haftasiga kamida 3 marta bo`lishi tavsiya etiladi.
18-64 yoshdagi kattalar o`rtacha jismoniy faollikka haftasiga ikki yarim soat, faol harakatlar uchun esa bir yarim soatdan kam bo`lmagan vaqt ajratishlari lozim. Inson uchun foydali, tana a`zolarini bir maromda ishlashi uchun o`rtacha faol harakatlar haftasiga besh soatgacha oshirish, jismoniy mashqlarni esa haftasiga 2-3 marta bo`lishi maqsadga muvofiq. 65 yoshdan oshgan insonlar sog`ligidan kelib chiqib, sokin va kam jismoniy faollikhaftasiga 150 daqiqadan kam bo`lmagan vaqt ajratishlari mumkin. Albatta, ushbu harakatlar shifokor bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi zarur bo`ladi.
Muhimi, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan har haftada tashkil etilayotgan ushbu ommaviy tadbirlarda qatnashuvchilarning soni oshib borayotgani, ularning jismoniy faollikka bo`lgan qiziqishi har qachongidan ham kuchayayotgani e`tiborga molik. Bu ham bo`lsa, kasallikka emas, uning profilaktikasiga asosiy e`tibor qaratilayotganining samarasidir.
Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda Sog`liqni saqlash vazirligi xodimlari, yurtimizdagi tibbiyot muassasalari shifokorlari, hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.
Eslatib o`tamiz, Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan o`tgan davrda “Yurish kuni”, “Yurish bo`yicha marafon kuni”, “Salomatlik sari qadam”, “Velosipedda sayr kuni”, “5 kilometr masofaga faol yurish”hamda “Sog`lom ozish kuni” ommaviy tadbirlari mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilgan edi.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.






