AsosiyJamiyat

Surxon qizlari to`qigan matolar dunyoga chiqmoqda

'Surxon qizlari to`qigan matolar dunyoga chiqmoqda'ning rasmi

Surxon vohasi o`zining betakror tabiati, tanti odamlari bilan yaqqol ajralib turadi. Voha haqida so`z ketganda, avvalo, chanqovuz chalayotgan, lapar aytayotgan momolar, qir-adirlarda do`mbira chalib doston kuylayotgan baxshilar ko`z oldimizga keladi. Ming yillardan beri yashab kelayotgan xalq qo`shiqlari, ularga hamohang raqslar va o`ziga xos liboslar nafaqat viloyat, balki mamlakatimizdagi ko`plab san`at ixlosmandlarining qalbidan joy olib ulgurgan.

Tamaddun beshigi, tilsimotlar maskani Boysun madaniy muhiti ilk bor 2001 yil jahon hamjamiyatlari madaniy ob`ektlarining 19 nomzodlari orasida YuNESKO tomonidan “Insoniyatning og`zaki va nomoddiy madaniy merosi” sifatida e`tirof etilib, 2008 yilda YuNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro`yxatiga kiritilgan. Bu o`z navbatida Boysun hududi madaniyati va uning badiiy an`analarini saqlash va yozib olish hamda keng ko`lamda ilmiy tadqiq etish jarayoniga sabab bo`ldi. Boysunning purviqor tog`lari, buloq va daryolari, go`zal tabiati, g`ururi tog`dek baland keng yurakli odamlari, raqqosu raqqosalari, hofizu san`atkorlari ham o`ziga xos.

Boysunning geografik muhiti ko`pgina madaniyatlar an`analarini tabiiy holda saqlanib qolishiga imkon berdi – bular an`anaviy turmush tarzi, o`ziga xos xalq ijodiyoti, uning folklor musiqasi va og`zaki poetik ijodi hamda xalq epos – dostonlari, hunarmandchilik va milliy liboslar, qadimiy marosim va urf-odatlar, xalq o`yinlarida namoyon bo`lgan.

– Bizning to`qigan matolarimiz, tikkan maishiy sovg`abop buyumlarimiz faqat tabiiy tola, tabiiy bo`yoqlardan tayyorlanadi, – deydi Boysun tumani Milliy hunarmandlar markazi rahbari Xanifa Salimova. – Masalan sariq, malla ranglarni piyoz po`stidan olamiz. To`q qizil rangni anor po`stidan, jigarrang, to`q ofob ranglarni yong`oq po`stidan, siyohrang, pushti rangni bo`yan degan o`simlikdan olamiz. Indigo degan o`simlikdan chiroyli ko`k rang tayyorlaymiz. Iplarimizni o`zimiz bo`yaymiz. Tabiiy ranglarning afzalligi shundaki, ular yuvganda chaplanib ketmaydi, oftobda oqarmaydi. Quyoshda qancha ko`p kiyib yursangiz, rangi ochilaveradi.

Qadimdan mashhurlikda dong taratib keluvchi janda, adras, beqasam kabi matolarni qo`lda yasalgan yog`och dastgohlarda to`qiymiz. Bunday qo`lbola usulda to`qilgan matolarning narxi ham baland bo`ladi.

Bu hunar bizga ota-bobolarimizdan, momolarimizdan bizga meros bo`lib avloddan-avlodga o`tib kelmoqda. Biz to`qigan jimjimador matolarni xorijliklar ham o`zimizning qiz-juvonlar ham qiziqib olishadi, milliy kiyimlar tikdirib kiyishadi. Jandadan betakror surxon choponlari tikiladi. Markazimizda ko`pgina qiz-juvonlar ishlaydi, o`nlab shogird qizlarga hunar sirlarini o`rgatyapmiz. Ular kashta, sumka, xamyon, do`ppi kabi buyumlarni ishlab chiqarishyapti. Bularni olib turistlar xursand bo`lyapti, daromad oshib aholimiz ham xursand bo`lyapti.

Manzura BEKJONOVA,

Surxondaryo, Boysun

    Boshqa yangiliklar