O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining 4-bosqich kursanti Bekzod Nurmatov Rossiyaning Vladivostok shahrida 24-29 aprel kunlari o`tkazilgan jangovar samboning “A” seriyasiga kiruvchi chempionatda ham navbatdagi g`alabaga erishdi.
Evropa hamda Osiyoning 15 davlati, shuningdek, Rossiyaning 20 dan ortiq viloyatidan kelgan 200 nafardan ziyod sambochilar Yaqin Sharq federal universiteti sport zalida “Yuriy Potapov memoriali” nomidagi 22-xalqaro turnirda o`zaro kuch sinashdi.
82 kilogrammgacha bo`lgan vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz Bekzod Nurmatov finalda rossiyalik kuchli raqib, Ivan Grachovga qarshi tatamiga chiqib, 9:0 hisobida mutlaq g`alabaga erishdi.
Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan Bekzod O`zbekiston nomini jahon arenasiga olib chiqishi birinchi bor emas. U 2016 yili, Akademiyada 1-kursligidayoq Germaniyada o`tkazilgan qo`l jangi bo`yicha xalqaro chempionatda kumush medalni qo`lga kiritgan edi.
Uch karra Osiyo va xalqaro turnirlar g`olibi, jahon chempioni hamda jahon kubogi sohibi Bekzod Nurmatov joriy yilning aprel oyi boshida Qirg`iziston poytaxti Bishkek shahrida o`tkazilgan aralash kurashning Gran-pri turkumiga kiruvchi “Batir bashi” IV etnoturnirida ham g`alabaga erishib, chempionlik kamarini qo`lga kiritgan edi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati






