Xitoy Xalq Respublikasining Sindao va Pekin shaharlarida 1 haftalik “IV Shanxay hamkorlik tashkilotining yoshlar oromgohi – 2019” o`tkazilmoqda. Unda ShHTga a`zo, kuzatuvchi hamda muzokarachi bo`lgan jami 14 ta mamlakatdan 200 nafarga yaqin yoshlar tashkilotlari vakillari qatnashyapti.
—2015 yil iyul oyida Rossiyaning Ufa shahrida bo`lib o`tgan ShHT sammitida XXR Raisi Si Szinpin 2016 yildan boshlab Xitoy besh yil davomida yoshlar oromgohi tashkil etilishi va o`tkazilishi hamda ShHT mamlakatlaridan 200 nafar vakil taklif etilishini ma`lum qilgan, –deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo`lim mudiri Munisa Nurmatova. —2016-2017 yillarda Xitoy Xalq Respublikasida shu kabi ikkita oromgoh o`tkazilgan va ShHT ishtirokchi hamda kuzatuvchi davlatlaridan qariyb 400 nafar yoshlar ishtirok etgan. Bu yilgi “Yoshlar oromgohi”da turli mamlakatlarning yoshlar tashkilotlari va etakchilari bilan tajriba almashinuvi yo`lga qo`yilib, o`zaro hamkorlik o`rnatish, shuningdek, ShHTga a`zo davlatlarning yosh tadbirkorlari o`rtasida biznes hamkorlikka erishish bo`yicha platforma yaratilmoqda.
26 aprel kuni Sindao shahrida joylashgan “Fuxin” mehmonxonasida
“IV ShHT yoshlar oromgohi-2019”ning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda Umumxitoy yoshlar federasiyasining Xitoy xalqaro aloqalar yoshlar markazi direktori Ma Sinmin hamda ShHTning Yoshlar Kengashi raisi T.Dayirbekov mazkur oromgoh bilan bog`liq fikr-mulohazalarini bildirdi. Marosimdan so`ng, ishtirokchilar maishiy texnikalarni ishlab chiqaruvchi “Haier” hamda elektr quvvat moslamalari va ekologik avtomobil quvvatlash tarmoqlarini yaratuvchi “TGOOD” korporasiyalarning tarixi, ish faoliyati, oldiga qo`ygan istiqboldagi rejalari bilan tanishtirildi.
Butunjahon bog`dorchilik oromgohi maydonida jamoani shakllantirishga qaratilgan “Arqonli o`quv” bo`yicha amaliy mashg`ulotlar o`tkazildi. Unda ishtirokchilar 12 ta jamoaga bo`lingan holda etakchilik, jamoada ishlash, guruhni boshqarish, to`g`ri qaror qabul qilish kabiyo`nalishlar bo`yicha qo`shimcha ko`nikmalar hosil qildi.
Sindao shahridagi “Aysberg cho`qqisi” konferensiya markazida “ShHT doirasida mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik” bo`yicha seminar-taqdimoti o`tkazildi. Unda Sindao ijtimoiy, iqtisodiy va xizmat ko`rsatish yo`nalishlari bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalarga oid taqdimot namoyish etildi. Seminar yakunida Sindao “Xongdeyuuan” zamonaviy qishloq xo`jaligi texnologiyalari kompaniyasi direktori Vang Kian xonim O`zbekiston qishloq xo`jaligi sohasida mavjud imtiyozlar, xususan erlarning 49 yil xech qanday to`lovsiz ijaraga berilayotganiga yuqori baho berib, xitoylik tadbirkorlar O`zbekiston bilan mazkur yo`nalishda yanada keng hamkorlik qilishlarini ta`kidlab o`tdi.
Tadbir ishtirokchilari jahonda 7 o`rinda turuvchi, yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan Sindao porti, “SINO-GERMAN ECOPARK” Xitoy-nemis ekobog`i, Dengiz fan va texnika milliy tajriba laboratoriyasi, Xitoy Okeaniya universitetlariga sayohat qilishdi.
Bundan tashqari qatnashchilar uchun qadimiy Jimo shahrida Xitoy madaniyati bo`yicha mahorat darslari o`tkazilib, ShHT yoshlar masalalari bo`yicha hamkor davlatlarining ko`rgazmali biznes muloqotlari tashkil etildi. Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi delegasiyasi Mo`g`uliston, Kambodja, Eron, Hindiston, Belorus, Ozarbayjon kabi davlatlar bilan yoshlar siyosati, turizm, qishloq xo`jaligi, tadbirkorlik sohalarida muzokaralar olib bordi. Xususan, jahonda pista eksporti bo`yicha 1-o`rinda turuvchi Eron davlati bilan muzokaralar chog`ida mamlakatimizning cho`l va tog` oldi hududlarida pista etishtirishni rivojlantirish va bu borada O`zbekiston-Eron o`rtasida tajriba almashinuvi hamda yoshlar turizmini rivojlantirish bo`yicha hamkorlikni yo`lga qo`yishga, Mo`g`uliston davlatidan tashrif buyurgan tadbirkorlar bilan qishloq xo`jaligi mahsulotlarining quritilgan va qayta ishlangan turlarini eksportga yo`naltirish hamda joriy yilning sentyabr oyida aniq maqsadli ishlarni amalga oshirish bo`yicha kelishuvlarga erishildi. O`zbekistonda joriy yilning sentyabr oyida Belorus Respublikasi bilan kartoshka urug`chiligini yo`lga qo`yish va kelajakda g`alladan bo`shagan maydonlarni kartoshka etishtirishga ixtisoslashtirish bo`yicha yangi loyiha ishga tushiriladi. Shu bilan birga, mamlakatimizda Ozarbayjon Respublikasi bilan yoshlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan qo`shma loyihalarni amalga oshiradigan bo`ldi. Hindiston Yosh sardorlar konfederasiyasi bosh direktori Arsh Mogre bilan tropik mevalar va dukkakli o`simliklar mahsulotlar eksporti bo`yicha ham muzokaralar olib borildi. Hindiston delegasiyasi joriy yilning ikkinchi yarim yilligida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etiladigan O`zbekiston-Hindiston yoshlar forumiga taklif etildi.
“IV ShHT yoshlar oromgohi-2019” 2 may kuniga qadar davom etadi.
Shahnoza Nurullaeva






