O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil aprel oyida Rossiya Federasiyasiga davlat tashrifi asnosida Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida qidiruv va o`zlashtirish ishlarini amalga oshirish, gaz-kimyo majmuasi qurish bo`yicha bitim imzolangan edi.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Umumiy qiymati 5,27 milliard AQSh dollariga teng ushbu loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi.
2018-2022 yillarga mo`ljallangan birinchi bosqichda yiliga 5 milliard kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod quriladi.2023-2025 yillarga mo`ljallangan ikkinchi bosqichda 1,5 milliard kub metr gazni qayta ishlash hisobiga yiliga 500 ming tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasi barpo etiladi. Loyiha amalga oshirilgandan so`ng 2 ming 200 ish o`rni yaratiladi.
Hozirgi kunda gaz konining 3D seysmik qidiruv ishlari o`tkazilmoqda, “Eriell” kompaniyasi tomonidan 7 ta baholash qudug`i burg`ulanmoqda. Ob`ektda “Baker Hughes”, “Halliburton” va “Schlumberger” xorijiy kompaniyalari mutaxassislari ham mehnat qilmoqda.
Boysun tumanida boshlangan navbatdagi loyiha mamlakatimizning janubiy hududini kompleks rivojlantirish, yoqilg`i-energetika, kimyo, qurilish sanoati va transport infratuzilmasi korxonalari quvvatlarini oshirish imkonini beradi.
Prezidentimizga loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusida erishiladigan natijalar haqidagi taqdimot namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoev konda o`tkazilayotgan geologiya-qidiruv jarayoni, uni o`zlashtirish, tashqi infratuzilmalarni va gazni qayta ishlash zavodini qurishni jadallashtirish bo`yicha zarur ko`rsatmalar berdi.
Shu erda Surxondaryo viloyatida 900 megavatli issiqlik elektr stansiyasi qurish, viloyatda sanoat sohasini rivojlantirish, muhandislik tarmoqlarini modernizasiya qilish, 2019-2020 yillarda Boysun tumanida aholini ichimlik suvi bilan ta`minlash, Sariosiyo tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha amalga oshiriladigan ishlar taqdimotlari o`tkazildi.









