AsosiyJamiyat

Harbiy okrug qo`mondonlari urush faxriylari xonadonida: Prezident mukofotlari egalariga topshirilmoqda

'Harbiy okrug qo`mondonlari urush faxriylari xonadonida: Prezident mukofotlari egalariga topshirilmoqda'ning rasmi

2-4 may kunlari Mudofaa vazirligi harbiy okruglari qo`mondonlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda xizmat burchini bajarish vaqtida qahramonlarcha halok bo`lgan harbiy xizmatchilar oilasidan xabar olishdi.

Xususan, Mudofaa vazirining o`rinbosari – Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va Harbiy havo kuchlari qo`mondoni general-mayor Ahmad Burxanov boshchiligidagi harbiy xizmatchilar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari – Pavel Materikov va Nikolay Petruninning xonadonida bo`lib, davlatimiz rahbari nomidan mukofotni o`z qo`li bilan egalariga topshirdi.

Markaziy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Oybek Saidov boshchiligida harbiylar xizmat burchini o`tash chog`ida halok bo`lgan harbiy xizmatchilar podpolkovnik Samandar Kenjaev hamda kapitan Zafar Boymurodovning xonadonlariga tashrif buyurildi.

“Hotira va Qadrlash kuni” munosabati bilan qahramonlarni yod etish, ularning oila a`zolariga yuksak ehtirom, mehr-muruvvat, moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatish an`ana tusiga kirib bo`lgan. Xizmat burchini o`tash vaqtida halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning oila a`zolariga mudofaa vaziri nomidan 2 mln. so`mdan moddiy yordam pullari, shuningdek, esdalik sovg`alari topshirildi.

Toshkent harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Zokirjon Sayfudinov boshchiligidagi guruh esa poytaxtimizda istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi faxriysi — Vladimir Chmxun xonadonida bo`ldi. Toifalangan ob`ektlarni qo`riqlash qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Hamdam Qarshiev hamda Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig`i Farhod Shermatov hamrohligidagi harbiylar esa Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 97 yoshli Aminjon Alimov bilan uchrashdilar. Tashriflar davomida urush faxriylari bilan mazmunli suhbatlar uyushtirildi.

Xuddi shu kabi tadbir Qoraqalpog`iston Respublikasida ham bo`lib o`tdi. Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondoni o`rinbosarlari boshchiligida bir guruh harbiy xizmatchilar urush faxriysi, 94 yoshli Rejep Qurbanmetovni bayram bilan qutladilar.

Ta`kidlash kerakki, uchrashuvlar davomida urush faxriylariga O`zbekiston Prezidenti nomidan 7,5 mln. so`mdan pul mukofotlari topshirildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar