AsosiyJamiyat

Tilga xiyonat – elga xiyonat!

'Tilga xiyonat – elga xiyonat!'ning rasmi

O`zbekchalashtirilgan zamonaviy ukrain hangomalaridan.

– Farruxdjan, men iloji boricha hozir ruschada kam gaplashishga urinayapman.

– Nima bo`ldi Zokirjon, ukrainlar kelib do`pposlashidan qo`rqyapsanmi?

– Yo`q, ruslarning kelib meni himoya qila boshlashidan qo`rqyapman.

Bugungi kunda ma`lumotlarning eng tez tarqaladigan tizimi bu, albatta, internet tizimidir. Aynan mana shu tizimning “Kun.uz” saytida kechagina bir necha kishilarning o`zbek davlat tiliga tajovuzi e`lon qilindi. Bular qanchalik ko`pchilikni yoki ozchilikni tashkil qilmasin unchalik xavfli emas, albatta. Ammo, ularning o`zlarini (o`zbek millati, O`zbekiston xalqi)ning ziyolisi sanashini, albatta, katta achinish bilan tan olish kerak.

Ma`lumki, tarixdan bizga etib kelgan eng dono aqidalardan biri ham “qal`a ichidan buziladi”, degan ibora bo`ladi. Bu bir gala O`zbekiston davlatining erkin fuqarolari, albatta, turli yo`nalishdagi o`z fikrlarini aytishi, e`lon qilishi, uning haqqoniyligini isbot qilishga urinishlari ham tabiiy hol. Bir qaraganda ashaddiy bir jinoyat qilingan emasday. Ammo, bugungi kundagi davlat qonunlari doirasida, davlat mustaqilligi deklarasiyasi doirasida, qolaversa O`zbekiston Konstitusiyasi oldida jinoyatga qo`l urilgani ko`rinib turibdi. Birqancha qonunlarimizning talablari buzilgani aniq ko`rinib turibdi. Bu fikrni anchagina avom bo`lgan har bir advokat ham non chaynab turgan holda isbot qilib tashlashi turgan gap.

Biz hatto o`zlarini shu davlatning ziyolilarimiz, deydigan o`z fuqarolarimizning, aslida achinib aytadigan holat vatandoshlarimizning, el oldiga mana bunday olchoq fikrlar bilan chiqishigacha qanday etib keldik. Albatta, buning sabablari ko`p. Eng katta sabablardan biri, mana o`ttiz yildirki, davlat miqyosida o`z DAVLAT TILIMIZGA bee`tiborlik bilan qarashimiz bo`ldi. Yana bir sabab, ayni o`tish davrida biz alifbomizni o`zgartirishga kirishganimiz va bu jarayonni ba`zi yuqorida mana shu maqolani yozishga sabab bo`lganlar kabi Vatan va millatimiz tilini hurmat qilmagan, uning obro`sini to`kkan ushu sotqinlar qatoridan joy olsa bo`ladigan rahbarlar harakatsizliklari natijasida O`TA cho`zib yuborganimiz, kechagina davlat tili bo`lgan rus tilining o`z mavqeini kurashsiz jon bermasligini inobatga olmaganimiz, katta avlodning kiril alifboda savod chiqarganini va aynan katta avlodning milliy mentalitetimizdan kelib chiqib yoshlarga ta`sir kuchining kattaligini ko`zdan qochirganimiz, bu o`rinda kattalarga ko`rsatgan hurmatimiz tilimizga hurmatsizlik bo`lganini ajrata olmaganimiz, davlat tarmog`ida hamma normativ hujjatlarning rus tilida meros qolgani va shunga o`xshash ko`plab omillarning kuchiga to`g`ri baho berolmaganimiz bo`ldi.

Yana katta bir xatomiz shu bo`ldiki, eng yuqori lavozimdagi kishilarga quyidagi odamlarimizning laganbardorona muomalasi va munosabati qon qonimizga singib ketganligi bo`ldi. O`z vaqtida tilimiz og`ir ahvolga tushib qolyapti, mustaqillikning asosiy ko`rinishlaridan biri bu millatning, davlatning davlat tili nafaqat qonunda aslida amalda ko`tarilmasa bu til o`z vazifasini to`liq bajara olmaydi, deb o`sha kattaning yuziga aytolmaganlik bo`ldi. Mana shu: “kattalarning” biron harakatimiz bilan g`ashiga tegib qo`ymaylik, degan tushuncha bizni tobe va “kattalarni” hukmron pog`onasiga olib chiqaverdi, bularning oqibati, o`z ichimizdan chiqqan, qal`ani ichidan buzuvchilarning harakati bugun bizni hayron qoldirmasligi kerakka o`xshaydi. Axir, bizning davlat tilini hayotga joriy qilishdagi harakatimiz, amaliy siyosatimiz yon atrofdagi qo`shni davlatlarga qaraganda ham tolenrantroq munosabatda bo`lgan ediku. Na bozorda, na tashkilotlarda bu chet tilli vatandoshlarimizning til va chet tilini ishlatishlarida“pishagini pisht”demagan edik. Mana oqibat, ular tuz egan joyning tuzlug`iga tupurish darajasiga etib keldi. Ularning o`z tili bilan aytganda, “barmog`imizni cho`zib turgan paytimizda ular endi bizning qo`limizni sug`urib olishmoqchi”.

Bundaylar haqida o`z vaqtida Hindistonning tarixiy bir tizimdan boshqa tizimga o`tish, mustamlakachilikdan qutulish tajribasini boshidan kechirgan M. Gandi: millatning eng ashaddiy dushmanlaridan biri bu kolonizatorlar etishtirib chiqargan mahalliy aholidan chiqqan ziyolilar, degan edi.

Qarang, naqadar alloma haqligi aniq ko`rinyapti.

Aytish lozimki, mutaxassislarning ta`kidlashicha millat tushunchasini aniqlashda birinchi o`rinda uning tili inobatga olinadi va aynan mana shu belgi asosiy omilga aylanadi. Hozirgi kunda dunyo davlatlari orasida ham bu belgi o`z kuchini yo`qotgan emas. To`g`ri, davlat tili sifatida, ba`zi hollarda ikkinchi davlat tili sifatida o`z etnik tilini emas boshqa tilni ishlatayotgan davlatlar dunyoda yo`q emas. Bunday holatlarda o`sha davlat va uning tarixiy o`tmishi jiddiy nazardan o`tkazilsa bu holatga chidash mumkinligini ko`rasiz. Ammo bizning chuqur tarixiy tomirimizni, davlatchilik madaniyatimizni nazardan qochirmasdan qarasak bizga na boshqa tilni ishlatish va na davlat tili sifatida ikkinchi tilga hech ham ehtiyojning yo`qligini ko`ramiz.

Bu o`rinda aytishlari mumkin, ha o`sha Hindistonda ham ikkinchi davlat tili sifatida ingliz tili ishlatiladiku, deb. Ushbu e`tirozlarga barham berish uchun hindlarning o`z qadimiy yozuvining asrlar davomida saqlanib kelayotganligi va bu ularning har bir so`zni, ayniqsa tashqaridan kirib kelayotgan so`zlarni o`z tili va o`z talaffuz qonun qoidalariga singdirib yuborishlarini ta`kidlagan bo`lardim.

Bizda esa aynan mana shu ikki omil jiddiy oqsoqlanadi. Birinchidan alifbomizni tarixda juda tez tez o`zgartirib turganimiz va (balkim shu sababdir) tashqaridan biror so`zni olmoqchi bo`lsak bu so`zni o`sha millat vakillaridan ham “tozaroq” qilib talaffuz qilishga urinishimizdir. Oddiy misol, bobolarimiz Moskov deyishgan, biz esa tilimizni burro qilib “Moskva”, deymiz. Hatto o`sha ruslar ham bu so`z aslida ularniki bo`lmasa ham bizday chiroyli aytolmaydi.

Shunday ekan, bugungi kunda bir siqim sobiq tizimdan qolgan, o`rislarning tili bilan aytganda “sovoklar”ning bu chiqishlarini unchalik katta fojea sifatida ko`tar ko`tar qilmasak ham bo`lar edi. Ammo, har bir yomon ishning bir yaxshi tomoni ham bo`lishi mumkin, deganlariday, ushbu holatdan unumli foydalanishimiz, kelgusida bunday chiqishlar takrorlanmaslik yo`llarini ko`rishimiz zarur ekanligi aniq bo`lib qolyapti.

Bugungi kundagi o`zbek DAVLAT TILINING davlatimizda, xalqimiz, yoshlarimiz orasida, maktab va ommaviy axborot vositalari doirasida va umuman bugunning nazarida qay darajada ekanligini bir nazardan o`tkazaylik.

Gapni ko`chadan va poytaxtdan boshlaylik.Ko`chada o`n kishidan besh kishi o`zbek va rus tillarini aralashtirib ishlatadi. Mana bir manzara: ko`chalarimizga o`zbekcha nom berishga berdik nega endi qahvaxona, dorixona, restoran, oshxona va maishiy xizmat ko`rsatish shahobchalariga qo`yilgan nomlar: “Kebbi” “Krepost”, “Perekryostok”, “Millenium”, “Globus”, “Zolotstie vpechki”... “Radisson”, “Vressiria”, “Royal”, “Choco world” “Super bistro”, “Mig bistro”, “Kapriz”, “Lagoste”, “Budilnik”, “Urban Toys”... Bu nomlarning hammasi naq Toshkent shahrining o`rtasidaligini, nomlar qonun talabiga ko`ra davlat tilida yozilishi va kerak hollarda boshqa tilda berilishi mumkinligini unutmang.

Shu joyda achinib aytging keladi, siz qaysi shaharlarda o`zbekcha nomlangan kafe va boshqa tashkilot va korxonalarning nomlarini uchratdingiz? Bu holatni yozar ekanman, yoshlarimiz orasidagi ismlarni eslab ketdim. Bizning yoshlar orasida Madina degan ismni ko`p uchratish mumkin. Ammo biron marta Samarqand Farg`ona, degan ismni uchratganmisiz? Yo`q albatta. Bilasizmi, bizning Samarqand va Farg`onalar bo`lganda Madina hali kattaroq bir qishloq ham bo`lmaganku, deging keladi.

Ko`chalarimizdagi o`n reklama namunalaridan to`qqiztasida ma`lumotlar rus va boshqa tillarda berilyapti. (kichkinagina savol, bu reklamalar kimga qaratilganligini reklama beruvchilar unutyapti, shekilli). O`zbek tilida berilayotgan o`n reklama namunasidan to`qqiztasida imloviy xatolar (o`z tiliga hurmatsizlik ham shuncha bo`ladimi axir?) berilyapti va bunga biz e`tibor bermay ham qo`yganmiz.

Til to`g`risidagi qonunning buzilishini hokimiyatlar (ayniqsa Toshkent hokimiyati) boshlab beradi. Tashkilotlarga berilayotgan nomlardan boshlanib firma va kafechalarning nomlari va ularning reklamalari “g`ujala tilda beriladi”, desak kamlik qiladi, ular g`alamislik shakllarda beriladi va berilib kelinmoqda.

Reklama to`g`risidagi qonun ham til qonuniga bog`liq bo`lganidan u ham Konstitusiyaning saylovlar to`g`risidagi bandiga o`xshab sanoqsiz ravishda o`zgartilib borildi. Shuning uchun bu qonunning ham talablari bajarilmaydi, odamlarning saylovlarga ishonmay qo`yganlariday, reklamalarga ham ishonmay qo`yishi yuzaga keldi. Ammo, reklamaning psixologik ta`sirini unutmaslik kerak.

Reklama beruvchilar xohlagan tillarida o`z reklamasini bersin, ammo qonun talabiga binoan bu reklamaning DAVLAT TILIDA ham berishlari shartligini unutmasinlar. Bu o`rinda xarajatni tejash ustunlik qilmoqda.

Ayrim tadbirkorlarimizning tillariniku hakka cho`qisin. Ular chiqarayotgan mahsulotlarning nima va qanday ishlatilish qoidalarining (odatda ularning 80 va 90 % ruscha beriladi) o`zbekchasini o`qib o`zbekligingga achinib ketasan.

Tashqaridan kiritilayotgan materiallarning hammasiga o`zbekcha yorliq va qo`llanmalar bo`lishi kerak, ammo ular yo`q. Qo`shma korxonalar materiallari ham shu ahvolda. Uzoqqa bormaylik va meni misollar keltirmabsiz, deb ayblashmasin. Bizda chiqarilayotgan mashinalarning o`zbekcha qo`llanmalarini haligacha bir necha yangi mashina olgan bo`lishimga qaramasdan haligacha ko`rgan emasman. Xitoy bilan ishlab chiqarilayotgan elektrhisoblagichlarga qo`llanma talab qilib ham ololmadim va ular “o`zbekchasi yo`q, hali tayyorlanmagan”, degan bezbetlikdan nari o`tishmadi.

Odatiy hol, ko`pincha biz mahsulotlarning qimmat-arzonligini, sifatini surishtirmay xarid qilamiz. Nari borsa moddiy zarar ko`ramiz. Ammo poytaxtimizning har qadamida ko`zingiz tushadigan ajnabiy atamalar farzandlarimizning ruhiga chalasavodlikni singdirishini unutamiz, bu bilan maktablardagi chalasavodlilikka hissa qo`shyapmiz, millat ma`naviyatiga zarar etkazyapmiz. Davlat tilimizning mavqeini tushiryapmiz, bepisandlik, hurmatsizlik paydo qilyapmiz. Davlat tilimizning mavqei tushib ketyapti, deb chorak asrdan beri bong uramiz. Televidenie va radiolarda ko`rsatuv, eshittirishlar beramiz. Bir teleko`rsatuvda men 1 sinf Alifbe kitobida 16 xato borligini aytib uni yozgan muallif bilan ota go`ri qozixonagacha borgan edim. Bu kurash va talashlarda natijaning yo`qligi boshqa joyda ekanligini tushunishni xohlamaymiz. Ha, natijasi yo`q.

Holatning o`zgarish yo`nalishida bir necha muammolar ko`ndalang. Birinchisi, “Davlat tili haqidagi” qonunimiz mukammal emas. (Buni kimlardir ataylab shunday qilishdi). Demak, zudlik bilan bu qonunni hayotiy, talab darajasiga ko`tarib qaytadan qabul qilishimiz ShART. Ikkinchidan, qonunning ijrosi ataylab sustkashlikka solindi, chunki, bu qonunni buzganlar uchun qonunda chora nazarda tutilmagani bo`ldi. Ko`ryapsizmi, har qanday qonun masalani ko`taradi, hal qiladi va albatta buzilsa “mana bunday chora ko`rilsin” degan ta`kidga ega bo`ladi. Tilimiz to`g`risidagi qonunda aynan mana shu jazo bandi ataylab qabul qilinmadi. Ayni holat qonunchilik nazariyasining buzilishi bo`lishiga qaramasdan shundayicha qabul qilindi.

Masalan, Davlat tili haqidagi Qonunning 1995 yil 21 dekabrdagi yangi tahriri 20-moddasida “Lavhalar, e`lonlar, narxnomalar va boshqa ko`rgazmali hamda og`zaki axborot matnlar DAVLAT TILIDA rasmiylashtiriladi va e`lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin.” E`tibor bering asosiy matn Davlat tilida va kerak hollardagina boshqa tilda uning tarjimasi berilishi mumkin deyilgan. 1998 yilda 25 dekabrdagi Reklama to`g`risidagi Qonunning “Reklamaning tili”, ya`ni 5-moddasida esa “O`zbekiston Respublikasi hududida reklama O`zbekiston Respublikasining DAVLAT TILIDA yoki reklama beruvchining xohishiga ko`ra boshqa tillarda tarqatiladi.” Solishtiring, “reklama beruvchining xohishiga ko`ra boshqa tillarda tarqatiladi”, deyilgan. Qonunning o`zgartirilishida kimlardir manfaatdor bo`lib ular endi bir birini inkor qiladigan moddalardan iborat. Bu o`rinda O`zbekiston va o`zbek xalqining manfaatini ko`zlab, xulosa chiqarishni men O`zbekiston Konstitusion sudi va Adliya vazirligiga tavsiya qilgan bo`lardim.

Holat mana shunday ekan, O`zbekistonning jonkuyarlari qolgan bo`lsa ro`y rost oyoqqa turish payti keldi, demoqchiman. Marhamat, azizlar, o`z so`zingizni bugun aytmasangiz yuqorida tilga olingan “tashabbuskorlardan” ham dahshatliroqlari, zaharliroqlari chiqishi tayin. Mana, “...Yo hayot yo mamot...” payti mana shu bo`ladi. Bu ro`yxatdagilarning har biri to`g`risida xalqimiz keng ma`lumotlar berishi mumkin. Ularning ko`pchiligi ko`plab atoqli olimlarning ruhlarini chirqiratibdi, madaniyat va san`at xodimlarining ruhlarini chirqiratibdi. Birgina Karim Zokirovni aytadigan bo`lsak, bu inson ruhi ham qabrida bir ag`darilib tushgan bo`lsa kerak. Attang, achinarli hol bo`libdi!!!

Millat o`z tilini yo`qotsa uning millat sifatida yo`qolish muddati aniqlanib qoladi. Shundoq ham o`zbek tili boshqa tillar qatorida bugungi kunda yo`qolish xavfidagi tillar qatoridan joy olib turibdi.

Butun dunyoda milliy davlatchilik masalasi, DAVLAT TILI MASALASI jiddiy tus olayotgan bir paytda mana bu yuz bergan nomardlikni kechirib bo`lmaydi. Azizlar! Har birimiz bularning eshigiga, darvozasiga: “Bu erda yashayotgan shaxs O`zbekiston Davlat tili manfaatiga putur etkazyapti, o`zbek tilining dushmani”, deb yozishga tayyor bo`laylik.

M. Yo`ldoshev,

Psixologiya fanlari doktori

O`zA

    Boshqa yangiliklar