AsosiyJamiyat

Til bu o`zligimizdir

'Til bu o`zligimizdir'ning rasmi

1. Til millatning millat ekanligini ko`rsatuvchi ko`rsatgich, milliy davlatchilik o`zagini tashkil qiluvchi muhim ijtimoiy-ma`naviy, siyosiy tarixiy, psixologik poydevor hisoblanadi. Bir guruh o`zbekistonlik ziyolilarning rus tiliga rasmiy maqom berish to`g`risidagi takliflari to`g`ridan to`g`ri ana shu poydevorga urilgan zarba deb baholash kerak. Bu kabi chiqishlar sekin-asta yurtdoshlarimiz yuragiga, keyin ular o`rtasiga g`ulg`ula solishi, kelajakda esa, xalqni qoq ikkiga bo`lib tashlashi mumkinligini hisobga olib, bu taklifga keskin “Yo`q!” degan javobni berish kerak.

2. 1989 yil 21 oktyabrda o`zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi millatimizning qaytadan oyoqqa turishiga teng tarixiy, siyosiy, ma`naviy va psixologik hodisa edi. Bu hodisa necha zamonlardan beri tilimizni tiklash, qadrlash va hayotga qaytarish yo`lidagi ulkan odimlardan biri bo`lib tarixga kirdi. Mustaqillikning asos shartlaridan biri ham, shubhasiz, til mustaqilligidir. Mazkur tarixiy qadam bilan biz o`z ona tilimizni sekin-asta yo`qolib ketish xavfidan saqlab qoldik. Demak, yuz yillar mobaynida erishilgan yutuqni tanglayi o`zga tilda ko`tarilgan bir hovuch ziyolining taklifi bilan barbod qilish millat tarixida kechirib bo`lmas xato va dog` bo`lib qolishini hisobga olib taklifga yana bir bor “Yo`q!” deb javob berish kerak.

3. Til bilish – yaxshi. Til bilish bu – uyg`onish. Hatto Renessans davrida ham odamlarning kamida ikki-uch tilni bilishi odatiy hol sanalgan. Ulug`larimiz bir tilni bilgan bir odam, ikki tilni bilgan ikki odam, deya o`git berib kelganlar. Behbudiy to`rt tilni bilishni targ`ib qiladi. Lekin o`zga tilni bilish o`z ona tilingning unutish hisobiga bo`lmasligi lozim. Aks holda, o`zlikni boy berib qo`yish mumkin.

Shu ma`noda bugun hamma Navoiy bo`lishi shart! Albatta, gap uning dahosiga tenglashish haqida emas, balki turkiy tilga – ona tilimizga munosabat borasida uning safidan joy olishimiz haqida bormoqda. Bugun har bir o`zbek ongli ravishda borib, Navoiyning yoniga turmasa, uning pozisiyasidan turib tilimizga yondashmasa, o`zligimizga, milliy davlatchiligimizga putur etishi mumkin. Tilni, demakki, o`zlikni saqlashning bugungi yo`li bitta – Navoiy bo`lmoq!

4. Kimniki tili qaysi tilda chiqsa, u o`sha millatga mansub bo`ladi. Tanining oq yo qora bo`lishi hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Uning kimligini til hal qiladi. Chunki til orqali millatning ruhi kirib boradi. Sen o`z ona tilingni bilasanmi, demak, xalqingni bilasan. Ammo bugun zamonlar o`zgardi. Bugun biz internet davrida yashayapmiz. Internet globallashuvga xizmat qilmoqda. Demak, ona tilimizning qo`llanilishini zamonaning talablariga hamqadam olib borishimiz, chunonchi, o`zbek tilida internetdan to`liq foydalanish imkonlarini (bu soha bilan bog`liq barcha dasturlarni), ayni paytda, dunyoning jamiki faol tillaridan o`zbek tiliga, o`zbek tilidan esa ana o`sha faol tillarga tarjima qiladigan elektron tizimlarni, lug`atlarni imkon qadar tezlik bilan yaratishimiz kerak bo`ladi. Shuningdek, hamma sohalardagi ahamiyatga molik asarlarni o`zbekcha tarjimalariga ega bo`lishimiz shart. Yo`qsa, yoshlarimiz ongi va qalbini boy berib qo`yishimiz hech gapmas. Chunki yoshlar hayotga real qaraydi. Ularni quruq va`dalar bilan “olib o`tirib” bo`lmaydi. Ularga hayotlari davomida asqatadigan real takliflar berish kerak. Chunonchi, “bolam, millatingni hurmat qilsang, ona tilingda gapir, xalqingning sog`lom urf odatlarini, o`tmishini unutma!” desangizu bu yoqda o`zbek tilida gapirish, yozish kelajak bilan chambarchas bog`lanib ketmaganligi ma`lum bo`lib tursa, hamma nasihatlar suvga oqadi-ketadi. Ayniqsa, rus, ingliz yoki xitoy tilini o`rganish, gapirish va yozish unga real moddiy-ma`naviy foydalar olib kelib tursa, bugungi o`g`il-qizlarimizning katta bir qismi uchun o`z ona tilimiz haqidagi gaplarimiz hayotdan uzilgan ertaklardek eshitilishi turgan gap. Bas, shunday ekan, tilimizning, avvalo, o`z yurtimizdagi mavqeini oshirish uchun qat`iy va aniq chora tadbirlar olishimiz shart. Buning uchun,

– birinchidan, O`zbekistonda tug`ilib yashayotgan har qanday vatandosh, millatidan qat`iy nazar, davlat tili bo`lmish o`zbek tilini bilishi majbur deya, bosh Qomusimizda qat`iy qilib belgilab qo`yilsin;

– ikkinchidan, yurtimizda faoliyat olib borayotgan hamma tashkilotlar davlat tili bo`lmish o`zbek tilida ish yuritsin;

– uchinchidan, ishga kirayotgan har qanday xodim o`zbek tilida savodli gapirish va yozish malakasi bo`yicha sinov topshirsin. (Buning ham darajalari bo`lsin, albatta. Chunki o`zga millat vakili uchun birdaniga til bilimining yuksak darajasini talab qilish to`g`ri bo`lmaydi).

Aytilganlardan xulosa qilib aytish joizki, davlat tilimiz bo`lmish o`zbek tiliga to`g`ri va adolatli munosabatni shakllantirish uchun unga har tomonlama e`tiborni kuchaytirishimiz, uni, avvalo, zamonaviy ilm-fan tiliga aylantirishimiz kerak bo`ladiki, shundagina o`zgalar ham tilimizni hurmat qilib tan olishadi va o`rganishadi. Zero, til bu o`zligimizdir. Tildan mahrum bo`lish o`zlikdan, o`zlikdan mahrum bo`lish esa, oru nomusdan mahrum bo`lishdir.

Ulug`bek HAMDAM

O`zA

    Boshqa yangiliklar