O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2018 yil 24 martda qabul qilingan №24/1-338-son bilan tasdiqlangan "Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini kompleks rivojlantirish, jumladan tog`li hududlarda ekologik turizmni rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi"da 2019 yil 9 maydan boshlab har yili bir marta Abdulla Oripov xotirasiga bag`ishlangan “Golden word” xalqaro adabiyot festivalini o`tkazish vazifasi belgilangan edi. Dastur ijrosini ta`minlash, O`zbekiston Qahramoni, milliy madhiyamiz muallifi Abdulla Oripov xotirasini abadiylashtirish, shu jumladan, Shahrisabz shahrini "Festivallar shahri" ga aylantirish maqsadida joriy yil 8-9 may kunlari Qarshi va Shahrisabz shaharlarida I xalqaro “Golden word” xalqaro adabiyot festivali o`tkaziladi.
Festivalda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurayotgan xalqaro shoirlar, yozuvchilar hamda jurnalistlar ishtirok etishi kutilmoqda. Jumladan, Turkiyadagi “KIBATEK” xalqaro adabiy tashkiloti prezidenti Sengeli Bilgi, tashkilot vise-prezidenti Leyla Ishik, Filippindagi “Pentasi B” xalqaro adabiy tashkiloti prezidenti Epitasio Tongohan, Hindiston qit`alararo madaniyat assosiasiyasi xodimi, Norvegiyada yashab, ijod qiluvchi yozuvchi Solomiya Karoli, italiyalik shoir, yozuvchi va blogerlar Katerina Davinio, Klaudio Preziosi, Tojikistondagi “Do`stlik” va ”Elchi” gazetalari bosh muharriri Toshmat Temirov, Nosir Xusrav nomidagi Qo`rg`ontepa davlat universiteti professori Zebiniso Sattorova, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi Hasan G`oyib, “Janubiy Qozog`iston” gazetasi muxbiri Maysara Saparova, Qozog`istondagi “Chimkent” ijodiy uyushmasi raisi Erkinoy Sultonova va boshqalar ishtirok etishadi.
Festival doirasida Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomli ixtisoslashtirilgan maktabda adabiy uchrashuv o`tkazish, Qarshi va Shahrisabz shahridagi tarixiy-madaniy maskanlarga sayohat uyushtirish, G`uzordagi “Tohir-Zuhro” majmuasiga tashriflar, mushoiralar tashkil etish mo`ljallangan. Festivalning yopilish marosimi Shahrisabz shahrida o`tkaziladi.






