Bugun, 7 may kuni “Humo arena” muz saroyi hovlisidagi ochiq maydonda O`zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan vatanparvarlik festivali o`tkazildi.
Festivalda senator, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliev, Mudofaa vazirligi mas`ul ofiserlari, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi vakillari ishtirok etib, festival ishtirokchilarini yaqinlashib kelayotgan bayram bilan muborakbod etdilar. Festivalga tashrif buyurgan hamyurtlarimizga o`zbek va jahon klassik adabiyoti namunalari kitoblar tarqatildi.
Shuningdek, festival doirasida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda harbiy orkestrning chiqishlari namoyish etildi.Mahobatli harbiy texnikalar va qurol-aslaha namoyishi esa ko`pchilikda katta qiziqish uyg`otdi.“Humo arena” muz saroyi hovlisidagi ochiq maydonda 9 may kuniga qadar davom etadi.
“Vatanparvarlik” festivali Nukus shahri markazida ham o`tkazildi.Tadbirda ishtirok etgan barcha fuqarolarga “Sharaf lentalari” tarqatildi. Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazi harbiy orkestri jamoasi hamda Safarbarlik chaqiruv rezervi bataloni xizmatchilari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati