Bojxonachilar tomonidan uyali telefonlarni yurtimizga noqonuniy olib kirish holatiga o`z vaqtida chek qo`yildi.
«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan, aeroport avtoturargohida “Dehli-Toshkent” yo`nalishi bo`yicha uchib kelgan yo`lovchilardan telefonlarni yig`ib olayotgan fuqaro T.A. ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Ma`lum bo`lishicha, ushbu shaxs bojxona to`lovlaridan qochish maqsadida Dehli aeroportida umumiy qiymati 39 million so`mlik 26 dona “Redmi 6 Pro” uyali aloqa vositalarini Toshkent aeroportida yig`ib olish iltimosi bilan tarqatib, mamlakatimizga noqonuniy ravishda olib kirmoqchi bo`lganligi aniqlandi. Ammo uning bu rejasi amalga oshmadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






