AsosiyJamiyat

Xalq ta`limi vaziri Bag`doddagi 5-maktabdagi sharoitlar bilan tanishdi

'Xalq ta`limi vaziri Bag`doddagi 5-maktabdagi sharoitlar bilan tanishdi'ning rasmi

Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov Farg`ona viloyatiga tashrifi doirasida Bag`dod tumanidagi 5-umumta`lim maktabida bo`ldi. Maktabga tashrifi davomida ta`lim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar, o`quvchilar erishayotgan yutuqlar, pedagogik jamoaning ezgu maqsadlari bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi rasmiy saytida ma`lum qilingan.

Mazkur maktabda yoshlar ta`lim-tarbiyasi uchun qo`shimcha shart-sharoitlar yaratish, ma`naviy yuksak va intellektual salohiyatli avlodni tarbiyalash bo`yicha Prezidentimiz tashabbusini amalga oshirish yuzasidan keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda.

Yoshlarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish, ular uchun madaniy tadbirlar, kompyuter savodxonligi va internet markazlari, sport to`garaklari tashkil etish, shuningdek, kitobxonlikni ommalashtirish maktab ma`muriyatining doimiy e`tiborida. Bu dargohda turli fan to`garaklari bilan birga sportning 6 turi bo`yicha to`garaklar faoliyati yo`lga qo`yilgan. Ularga maktab o`quvchilari to`liq ravishda qamrab olingan. Bundan tashqari, maktab kutubxonasi fondini boyitish, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, o`quvchi qizlarga turli kasb va hunar sirlarini o`rgatishga ham ustuvor vazifalar sifatida qaralmoqda.

Xalq ta`limi vaziri maktabda o`quvchilarning darsdan bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkillash, ularni turli xil salbiy illatlardan saqlab, har tomonlama sog`lom va barkamol avlodni shakllantirish o`qituvchilarning eng birinchi galdagi vazifasi ekani, bu borada davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus har birimiz uchun dasturilamal bo`lishi kerakligini ta`kidladi.

Sherzod Shermatov shundan so`ng tuman xalq ta`limi bo`limida ham bo`lib, undagi jarayonlarni ko`zdan kechirdi. Axborot resurs markazi faoliyatini yanada yuksaltirish yuzasidan tavsiyalar berdi.


    Boshqa yangiliklar