2019 yil, 9 may. Shu kuni erta tongdan poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanidagi Buyuk ipak yo`li ko`chasining eng gavjum bo`ladigan go`shalaridan biri - “Toshkent qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi” AJ tomon odamlar to`lqini oqib kela boshladi. Ularning orasida yuz yoshning nari berisini urib qo`ygan va endigina katta hayotga kirib kelayotgan insonlar bor edi. Qo`llarida gullar, guldastalar tutgan bu insonlarning aksariyatini zavod faxriylari, ikkinchi va uchinchi avlod vakillari tashkil qiladi.
Bu yurtdoshlarimiz 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan buyuk g`alabaning 74 yilligini nishonlash uchun qadrdon korxonalariga to`plandilar. Bayramona bezatilgan sahnaga asosiy tarkibini korxona faxriylari tashkil qiluvchi “Katyusha” ansambli vakillari ko`tarildi va ular guldiros qarsaklar bilan kutib olindi. “Katyusha” ansambli tomonidan Vatanga muhabbat, mardlik, vafo, ayriliq, sevgi-muhabbat rishtalari singdirilgan, olovli urush yillarida yaratilgan kuy-qo`shiqlar yangradi. Mashhur “Katyusha” qo`shig`i ijrosiga kattayu-kichik qo`shilib ketdi. Tumandagi 210-maktab o`quvchisining “Bobomni eslab” qo`shig`i, “Traktor” sport klubi vakillarining mohirona chapdast chiqishlari bayram ishtirokchilarida katta taassurot uyg`otdi.
Zavod hududidagi Xotira manumenti. Mangu olov yonib turibdi. Manument lavhasida o`tgan asrning 40 yillarida mehnat qilgan, so`ng urushga otlangan va Vatan ozodligi yo`lida jon fido qilgan insonlar nomi zarhal harflar bilan bitib qo`yilgan. Ular poyiga guldastalar qo`yib, hurmat-bajo keltirishni urush va mehnat faxriylari boshlab berishdi. “O`zagrotexsanoatxolding” AJ jamoasi, uning tarkibidagi bir qator korxonalar, jamoatchilik vakillari, o`quvchi-yoshlar navbati bilan o`zlarining chin insoniy burchlarini ado etdilar.
Bayram tantanalarining yana bir esda qolarlik jihatiga to`xtalib o`tsak. Ya`ni, zavod hududida joylashgan “O`zagrotexsanoatxolding” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo`jaligi texnikalari ko`rgazma-paviloni ham odamlar bilan yanada gavjumlashdi. E`tiborlisi, kimdir nabirasini, kimdir farzandini etaklagancha pavilonni ancha vaqt aylandi. Shak-shubha yo`q-ki, tomosha asnosida kechgan suhbatlar mavzusi zavod tarixi, bugungi ishlab chiqarish jarayonlari va ertasi haqida kechgan. Eng muhimi esa, yosh avlod qalbida ota kasbiga mehr-muhabbat uyg`otish, shu orqali butun bir mashinasozlar sulolasini yaratish ko`zda tutilgan bo`lsa ne ajab! Bunday orzu-niyatga erishganlar korxonada o`nlab uchrashining o`ziyoq “Murod-maqsadga aylanadi” iborasining paydo bo`lishiga asos solgan desak xato qilmagan bo`lamiz. Garchi asosiy bayram tantanalari nihoyasiga etgan bo`lsa-da, u yoki bu sabab bilan ertalabki Xotira va qadrlash, fashizmga qarshi kurashlarda halok bo`lgan marhum fidoyi jangchilarga hurmat, ehtirom ko`rsatish marosimida ishtirok eta olmagan ayrim yurtdoshlarimiz yakkam-dukkam bo`lib, o`zlarining odamiylik fazilatlarini ado etish uchun qo`llarida gul, qalblarida uyg`oq xotira bilan tashrif buyurishmoqda.