EXHT ning OAV erkinligi masalalari bo`yicha vakili Arlem Dezirning O`zbekistonda ayrim xorijiy axborot veb-resurslariga kirish imkoniyati cheklanganligi haqidagi rasmiy murojaati Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan o`rganib chiqildi.
O`rganish natijasida ko`rsatilgan veb-resurslarning O`zbekistonda to`laqonli ishlashlariga to`siq bo`lgan texnik kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish borasida tegishli chora-tadbirlar ko`rildi.
Bugundan e`tiboran «Voice of America», «Amerika ovozi», «BBC Uzbek», «Deutsche Welle», «Amnesty International», «Human Rights Watch», «Reporters sans frontieres», «Eurasianet», «AsiaTerra», «Fergana Agency», «Centre1», «Uzmetronom» kabi veb-resurslar va boshqa xorijiy veb-saytlardan to`liq foydalanish imkoni mavjud bo`ladi. Bu haqida agentlik rahbari Facebook’dagi sahifasida ma`lum qildi.
«Davlatimiz rahbari doimo O`zbekistonda so`z va axborot erkinligi zarurligini ta`kidlaydi. Shunga ko`ra, Agentlik jurnalistlar mavqeini mustahkamlash, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jurnalistikasini rivojlantirish, davlat organlari shaffofligini ta`minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida faoliyatini davom ettiradi», deb yozadi u.
Agentlik xorij ommaviy axborot vositalari, umuman, jurnalistlarni kasb etikasi tamoyillariga rioya etishlari, tasdiqlanmagan va yolg`on ma`lumotlardan foydalanmaslikni, shuningdek, asoslanmagan, mish-mish va gumonlarni tarqatmasliklarini so`raydi.






