Joriy yilning 6-12 may kunlari Mo`g`uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida gandbol bo`yicha “IHF Trophy” musobaqasining Markaziy Osiyo bosqichi bo`lib o`tdi. Unda 2000 va 2001 yillarda tug`ilgan qizlardan tarkib topgan jamoalarimiz ham ishtirok etib chempionlikni qo`lga kiritishdi.
17 va 19 yoshli qizlardan tarkib topgan jamoalarimiz Mo`g`uliston, Tojikiston, Qirg`iziston va Turkmaniston jamoalarini yirik hisobda mag`lubiyatga uchratib, muddatidan avval xalqaro musobaqaning keyingi bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritishdi.
Yakunda chempionlikni qo`lga kiritgan gandbolchi qizlarimizga kuboklar va oltin medallar topshirildi.
Bugun, 13 may kuni ushbu musobaqada ishtirok etgan sportchilarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Mo`g`ulistondan yorug` yuz bilan qaytgan vakillarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi. Tadbirda O`zbekiston gandbol federasiyasi mutasaddilari, sportchilarning yaqinlari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.