1

Mirjalol Qosimov Jeparovdan ham xavotirda

Sport 27.11.2014, 09:12
Mirjalol Qosimov Jeparovdan ham xavotirda

O`zbekiston milliy terma jamoasi ushbu haftada Toshkentda yig`in tashkil etadi. Yig`in doirasida bir qator futbolchilarni sinovdan o`tkazish ko`zda tutilgan. Mirjalol Qosimov shogirdlari kelasi haftada o`quv-nazorat yig`inini o`tkazish uchun BAAga yo`l oladilar.

Ushbu yig`inda bir qator legionerlarning safga qo`shilishlari kutilmoqda. Afsuski, tajribali yarim himoyachi Odil Ahmedov Rossiya premer-ligasi doirasidagi o`yinda jarohat oldi. Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bilan qilgan suhbatimiz davomida bu borada ma`lumot oldik. Shuningdek, muloqot davomida  o`tgan haftada «Paxtakor» va Tbilisining «Dinamo» klublari faxriylari o`rtasida bo`lib o`tgan uchrashuvga ham to`xtalib o`tildi.

ODIL AHMEDOVNING JAROHATI

- Mirjalol aka, «Krasnodar» klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedov o`tgan haftada SSKAga qarshi kechgan bahsda jarohat oldi. Uning jarohati qay darajada jiddiy, shu haqda ma`lumot bera olasizmi?

- Odil bilan o`yin bo`lib o`tgan kuniyoq gaplashib olgandik. O`sha vaqtda uning kayfiyati joyida edi. Ertasi kuni tibbiy ko`rikdan o`tgach, yana bir marta qo`ng`iroqlashdik. UTT natijasida uning mushaklarida zo`riqish borligi aniqlanibdi. Bu unchalik xavfli jarohat emas, biroz dam olsa, o`tib ketadi. Ammo gap shundaki, UTT jarohatni uzil-kesil aniqlay olmaydi. Buning uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tish lozim. Aftidan yakshanba kuni bo`lgani uchun buning imkoniyati bo`lmagan. Odilning aytishicha, jarohat olgan vaqtda oyog`ida qisirlash bo`lgan, bu esa vaziyat biroz jiddiyligini bildiradi. Umid qilamizki, chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rik ham jarohat engil ekanini tasdiqlaydi.

- Mabodo jarohat borasidagi xavotirli shubhalar tasdiqlansa, davolanish uchun qancha vaqt ketadi?

- Eng yomon holatda ham davolanish uchun uch haftadan ko`p vaqt ketmasligi kerak. Avvalo yaxshi niyat qilib turaylik, Odil tezda oyoqqa turib ketsin. Aslida bunday jarohat jiddiy bo`lgan taqdirda ham, futbolchi uch haftada safga qaytishi kerak. Odil - irodali, mehnatkash yigit. Jarohatdan tuzalishda buning ahamiyati juda katta. Agar o`yinchi ishlashdan to`xtab qolmasa va yaxshi kayfiyatda mashg`ulotlar o`tab tursa, tezda oyoqqa turib ketadi. Hammasi futbolchining o`ziga bog`liq.

- Demak, Odil Ahmedov Osiyo kubogida ishtirok eta oladi. Shundaymi?

- Ha, shunga katta umid bog`laganmiz. Nasib qilsa hech qanday muammo bo`lmaydi.

- Odil Ahmedov jarohatidan tuzalguncha «Krasnodar» ixtiyorida bo`ladimi yoki Toshkentga kelishi mumkinmi?

- «Krasnodar»da sharoitlar juda yaxshi, tibbiyot xizmati ham Evropa darajasida. Shuning uchun Odilning biror joyga borib, davolanishi shart emas. Ahmedov uchun o`z klubida hamma sharoitlarni yaratib berishgan.

TERMA JAMOA YIG`INI

- Terma jamoa bir hafta davomida Toshkentda yig`in olib boradi. Ushbu yig`inda yangi futbolchilarni ko`rishimiz mumkinmi?

 - Hozircha yangi o`yinchilar yo`q, ammo oxirgi vaqtlarda terma jamoaga chaqirilmayotgan futbolchilardan Lutfulla To`raevni tarkibga jalb qilganmiz. Shuningdek, Jasur Hasanov ham yig`inda ishtirok etadi. Jasur jarohati bo`lgani sababli, terma jamoaning oxirgi o`yinlarida maydonga tusha olmagan edi.

- Ushbu yig`inda legionerlar ham ishtirok etishadimi?

- Ha, ayrim futbolchilarni yig`inga chaqirganmiz. Qozog`iston chempionatidan Kamoliddin Murzoev va Shavkat Salomov kelishlari kerak. Ularni sinovdan o`tkazishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, 1 dekabrda Anzur Ismoilov va Temur Kapadze ham safga qo`shiladilar. Server Jeparov borasida esa vaziyat biroz noaniq bo`lib turibdi. Server «Seongnam» bilan Janubiy Koreya kubogini qo`lga kiritdi. Unga qo`ng`iroq qilib, g`alaba bilan tabrikladim. Jeparov kelasi haftadayoq terma jamoa yig`iniga etib kelishni juda istamoqda. Ammo gap shundaki, ayni vaqtda «Seongnam» Janubiy Koreya chempionatida biroz qiyin ahvolga tushib qolgan. Klub garchi kubok sohibiga aylangan bo`lsa-da, chempionatda quyi ligaga tushib ketmaslik uchun kurash olib bormoqda. Agar «Seongnam» keyingi turlarda g`alabaga erishsa, Server borasida hech qanday muammo bo`lmaydi. Ammo kerakli natija qayd eta olmasa, elitada qolish uchun qo`shimcha uchrashuvlar o`tkazishi lozim bo`ladi. Bunday holatda Server Jeparov faqat 12 dekabrda terma jamoa ixtiyoriga etib kelishi mumkin. Umid qilamizki, «Seongnam» barchasini tezda hal qiladi va futbolchini terma jamoa ixtiyoriga qo`yib yuboradi.

- Kamoliddin Murzoev va Shavkat Salomov yakunlangan mavsumda Qozog`iston chempionatida o`zlarini ko`rsata olishgani yo`q. Ular ko`pincha «Shaxtyor»ning zaxira o`rindig`ida qolib ketdilar. Bu haqda nima deya olasiz?

- Futbolda turli holatlar yuzaga kelishi mumkin. Biroq ushbu futbolchilarning etarli mahoratga ega ekanliklarini hammamiz yaxshi bilamiz. Shunchaki ba`zan turli sabablarga ko`ra, buni amalda namoyish eta olmasliklari mumkin. Kamoliddin Murzoev terma jamoa hujumidagi raqobatni kuchaytirib berishiga umid qilyapmiz. Shavkat Salomov ham shu maqsadda chaqirilgan. Nima bo`lganda ham, ularni sinovdan o`tkazib ko`rishimiz shart.

O`RTOQLIK O`YINLARI

- Yig`in davomida Quvayt va Falastin terma jamoalariga qarshi o`rtoqlik o`yinlari o`tkazilishi rejalashtirilgan ekan. Bu uchrashuvlarda qanday o`yin uslubini sinovdan o`tkazmoqchisiz?

- Biz ikki xil kuchga ega bo`lgan terma jamoalarga qarshi o`ynaymiz. Bo`lajak bahslarda turlicha o`yin uslubini sinovdan o`tkazishni maqsad qilganmiz. Hozircha bu haqda ochiq gapira olmayman.

«PAXTAKOR» - «DINAMO» (TBILISI)

- O`tgan haftada «Paxtakor» faxriylari safida Tbilisining «Dinamo» klubiga qarshi o`rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdingiz. O`sha o`yin haqidagi taassurotlaringiz bilan o`rtoqlashsangiz.

- Juda yaxshi uchrashuv bo`ldi, yoshlik damlarini yodga oldik. Avvalo tashkilotchilik uchun «Paxtakor» klubi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Jamoa rahbarlari o`rtoqlik o`yini uchun juda yaxshi sharoitlarni yaratib berishdi. Buning uchun ularga rahmat.

Uchrashuv juda qiziqarli tarzda o`tdi. Gruziyadan Aleksandr Chivadze, Vladimir Gusaev, Otar Gabeliya kabi futbol afsonalari kelishdi. Ular bilan qiziqarli suhbat bo`lib o`tdi. Yana «Alaniya» safida men bilan birga to`p surgan Georgiy Demetradze va Mixail Kavelashvililar ham kelishdi. Sobiq jamoadoshlarim bilan Vladikavkazda o`tkazgan davrlarimizni esga oldik. Hammasi juda yaxshi o`tdi. Bunday bahslar judayam kerak. Faxriylar futboliga e`tibor berilishi yoqimli holat.

- O`sha o`yinda o`zbek futbolining yaqin o`tmishdagi yulduzlarini ko`rdik. Ammo ularning  sport formalari avvalgidan biroz farq qilarkan. Masalan, siz uch-to`rt marta to`pni yaxshi uzatib berdingiz, ammo jamoadoshlaringiz gol ura olishmadi. Sheriklaringizdan kimlarning o`yini yoqdi?

- Tbilisiliklarga qarshi kechgan bahsda barchamizning faqat ustimizdagi formamiz yaxshi edi (kuladi). Jiddiy oladigan bo`lsak, futbolchilik faoliyatimizni yakunlaganimizga ancha bo`ldi, jismoniy holatimiz ham avvalgidek emas. Shunday ekan, sport formamizning ham ancha pasayishi tabiiy holat. Ammo bunday o`yinlardan maqsad butkul boshqacha bo`ladi. Biz imkon qadar futbol o`ynadik, yoshlik davrlarini yodga oldik. Jamoadoshlarimning barchasi yaxshi o`ynashdi, menga yoqdi. Umid qilamanki, bunday uchrashuvlar ko`proq o`tkazib turiladi.

- Tadbir davomida bo`lib o`tgan voqealar haqida ma`lumot bera olasizmi?

- Mehmonlar kelishgani zahoti, 1979 yilda vafot etgan «Paxtakor» futbolchilari dafn etilgan qabristonni ziyorat qilish istagini bildirishdi. Hammamiz birga qabristonga bordik, o`tganlarni yodga oldik. Bundan ellik yil oldin Toshkentda bo`lib o`tgan o`yinda «Torpedo»ni mag`lub etib, chempionlikni qo`lga kiritgan «Dinamo» futbolchilari «paxtakorchilar»ni yaxshi tanishardi. Ayniqsa, Aleksandr Chivadze ular haqida ko`p voqealarni aytib berdi. «Paxtakor» afsonalari haqida xotiralarni eshitish juda yoqimli. Chivadzening aytishicha, Mixail An avvaldan samolyotda uchishni yoqtirmagan ekan. Parvoz vaqtida samolyot atmosferadagi girdobli harakat tufayli titrab ketsa, asabiylashar ekan. Shuningdek, Vladimir Fyodorov haqida ham ko`p gaplar aytildi. Xotira - yaxshi narsa. Bunday uchrashuvlardan o`zingga ko`p narsa olasan.

- Mehmonlarga Toshkentda hammadan ham nima ko`proq yoqdi?

- Gurjilar avval ham yurtimizga ko`p kelishgan. Ular har doim bizning mehmondo`stligimizni ko`p gapirishadi. Bu safar ham bu istisno bo`lmadi, albatta, qo`ldan kelganicha ularni mehmon qildik. Hammalari xursand bo`lib qaytishdi, deb o`ylayman. Yana mehmonlarga «Bunyodkor» stadioni ham juda yoqdi. «Alaniya»da birga to`p surgan do`stlarim yangi o`yingohga qoyil qolishdi. «Bizning Gruziyada hali bunday stadion qurilganicha yo`q. Sizlarga havas qilsa arziydi»,  deyishdi ular. Bunday gaplar biz uchun ham yoqimli albatta. O`z navbatida ular ham bizni mehmonga taklif qilishdi. Nasib qilsa, Kutaisida javob uchrashuvi o`tkaziladi.

Manba: www.interfutbol.uz

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1