Poytaxtimizda O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi, O`zbekiston velosiped sporti federasiyasi va “Milliy” stadion hamkorligida “Sog`lom ayol – jamiyat boyligi” shiori ostida xotin-qizlar o`rtasida velomarafon o`tkazildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni ijrosini ta`minlash maqsadida hamda 15 may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan tashkil etilgan marafonda 100 ga yaqin xotin-qiz ishtirok etdi.
Yurtimizda xotin-qizlar sporti rivojiga alohida ahamiyat berilmoqda. Turli sport musobaqalarini tashkil etish orqali xotin-qizlarni ommaviy tarzda sportga jalb etishga erishilmoqda. Mazkur sport tadbiri ham yurtimizda xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlashga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini kuchaytirish, shu bilan birga hayotimiz ko`rki va millatimiz kelajagi bo`lgan xotin-qizlarning har tomonlama sog`lom va jismonan baquvvat bo`lishini ta`minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Velomarafonda 18 yoshdan 40 yoshgacha bo`lgan xotin-qizlar o`rtasida Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi M.Isaeva birinchi, Mirobod tumanilik V.Semyonova ikkinchi, Yakkasaroy tumanidan A.Salohiddinova uchinchi o`rinni qo`lga kiritdi. 40 va undan yuqori yoshdagi xotin-qiz o`rtasida esa Olmazor tumanidan S.Isaeva birinchi, Yashnobod tumani fuqarolari S.Sharkaeva ikkinchi, A.Xalilova uchinchi o`rinni egalladi.
G`olib va ishtirokchilarga homiylarning sovg`alari topshirildi.








