AsosiySport

​Karatechilarimiz A seriya turkumiga kiruvchi xalqaro musobaqada 2 ta bronza medalni qo`lga kiritishdi

'​Karatechilarimiz A seriya turkumiga kiruvchi xalqaro musobaqada 2 ta bronza medalni qo`lga kiritishdi'ning rasmi

17-19 may kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida o`tkazilayotgan karatening WKF yo`nalishi bo`yicha A seriya turkumiga kiruvchi nufuzli musobaqada terma jamoamiz a`zolari ham ishtirok etishi haqida xabar bergan edik.

Mazkur musobaqada dunyoning 101 davlatidan 1800 nafardan rtiq kuchli karatechilar medallar bilan birga Tokio olimpiadasi reyting ochkolari uchun ham bahs olib borishdi.

Ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etgan 6 nafar sportchimizdan 2 nafari sovrindorlar qatoridan joy olishdi.

Ayollar o`rtasidagi bahslarda -61 kg vazn toifasida ishtirok etgan Barno Mirzaeva bronza medalini qo`lga kiritdi. Birinchi uchrashuvda eronlik Altuni Neginni mag`lub eta olgan yurtdoshimiz keyingi bahsda mezbon vakilasi Koban Mervega imkoniyatni boy berib qo`ydi. O`tish bahslarida Belgiya, Braziliya, Ekvador va yaponiyalik karatechilardan ustun kelgan Barno uchinchi o`rin uchun bellashish imkoniyatini saqlab qoldi. Bronza uchun kechgan bahslarda esa tunislik Xasnau Butenani 3:0 hisobida mag`lubiyatga uchratgan Mirzaeva uchinchi o`rinni qo`lga kiritdi.

Jamoamizga navbatdagi medalni -60 kg vazndagi Sadriddin Saymatov taqdim etdi. Chorak finalgacha Belgiya, Iordaniya, Gruziya, Eron va Gresiya vakillaridan ustun kelgan vakilimiz yarim finalga yo`llanmasi uchun bahsda qozog`istonlik Erkinbek Baytureshevga imkoniyatni boy berib qo`ydi.Uchinchi o`rin uchun kechgan bahslarda Saymatov italiyalik Andjelo Kresenzoni mag`lub etdi.

Ma`lumot uchun, ahamiyati bo`yicha Premer-Liga musobaqalaridan keyin ikkinchi o`rinda turuvchi A seriya turkumiga kiradigan xalqaro musobaqa joriy yil 4 bosqichda o`tkazilishi rejalashtirilgan. Ikkinchisi Istanbulda uyushtirilgan ushbu nufuzli musobaqaning dastlabkisiga Zalsburg (Avstriya) mezbonlik qilgan. Keyingi bosqichlar Monreal (Kanada, 21-23 iyun) va Santyago (Chili, 20-22 sentyabr) shaharlarida o`tkazilishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar