O`zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi, O`zbekiston boks federasiyasi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamkorlikda Toshkent shahridagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan Davlat umumta`lim maktabida sport aksiyasi o`tkazildi.
Aksiya doirasida O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi “Dinamo” JTSJ harbiy xizmatchilari Muzaffar Yusupov va Bahodir Jalolov, O`zbekiston boks federasiyasi sportchilari Shahram G`iyosov va Murodjon Axmadalievlarning maktab o`quvchilari bilan uchrashuvi tashkil qilindi. Unda o`quvchilar bugungi kunda boksda professional faoliyatini olib borayotgan charmqo`lqop ustalarining muvaffaqiyatga erishish sirlari, sportchining kun tartibi – taym menejmentga amal qilishi, kunlik mashqlari, ring psixologiyasi, katta sportda adolatsizlik va mag`lubiyat, inson irodasi hamda taktik harakatlarda aqlning kuchi, 2016 yilda bo`lib o`tgan Olimpiada, Jahon chempionatidagi uchrashuvlar va Uzbek Tigers faoliyati haqidagi o`zlarining qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Aksiya davomida qo`l jangi, karate, taekvando, kurash singari sport to`garaklariga boradigan o`quvchilarga bokschilarimiz tomonidan “Boks” va “Dzyudo” seksiyalari bo`yicha mahorat darslari olib borildi. Aksiyadan ko`zlangan maqsad esa sportning olimpiya turlarini targ`ib qilishdan iboratdir.
Milliy gvardiya matbuot xizmati