Sport arbitraj sudining (CAS ADD) Dopingga qarshi kurash bo`limi O`zbekiston vakili Ruslan Nuriddinovni 2012 yilgi London Olimpiadasida og`ir atletika bo`yicha musobaqalarda antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topdi.
Xalqaro og`ir atletika federasiyasi (IWF) dekabr oyida Xalqaro olimpiya qo`mitasi (XOQ) tomonidan sportchilarning doping namunalari qayta tekshirilganidan so`ng Ruslan Nuriddinov chetlashtirilgani to`g`risida ma`lum qilgandi.
Xabarda aytilishicha, Nuriddinovning tahlil namunasida degidroxlormetiltestosteron moddasi aniqlangan.
Aprel oyida XOQ ishni CAS’ning dopingga qarshi kurashish bo`limiga ko`rib chiqish uchun topshirdi. Ishni ko`rib chiqqan mutaxassis sportchi antidoping qoidalarini buzgan, degan xulosa keldi va uning Londondagi o`yinlarda qayd etgan natijasini bekor qildi. Ish keyingi surishtiruv ishlarini amalga oshirish uchun IWF’ga topshiriladi.