1

Kurash polvonlar yurtiga qaytmoqda

Sport 09.06.2019, 16:27
Kurash polvonlar yurtiga qaytmoqda

Sarlavhani o`qib ajablanishingiz mumkin, nima Buxoroda kurash yo`q bo`lib ketganmidi, deb. Aslo unday emas, sharif shaharda kurash necha ming yillardan beri mavjud va hamon bu yurt o`g`lonlari kurash tushib, bel olishib ulg`aymoqda. Yo`qsa Buxorodan kuragi erga tegmagan polvonlar etishib chiqarmidi?!

Gap shundaki, bu muborak zamin kurashga o`nlab O`zbekiston chempionlari, ko`plab xalqaro turnirlar, hatto jahon chempionati va Osiyo o`yinlari g`oliblarini etishtirib bergan bo`lsa-da shu kunga qadar Buxoroda milliy sportimiz bo`yicha bironta ham yirik turnir o`tkazilmagan ekan. Nihoyat joriy yilga kelib bu noxush an`ana barham topdi.

8-10 iyun kunlari Buxoroda kurash bo`yicha Prezident sovrini uchun hazrat Bahovuddin Naqshband xotirasiga bag`ishlangan birinchi xalqaro turnir o`tkaziladi. Shu ma`noda kurash polvonlar yurtiga qaytmoqda, desak mubolag`a bo`lmaydi.

Bejiz Buxoroni polvonlar yurti deyishmaydi. Chunki shu zaminda tug`ilib ulg`aygan Akobir Qurbonov, Shuhrat va Botir Xo`jaev, Kamol Murodov, Xalil Jumaev, Shirin Sharipov va boshqa zabardast kurashchilarni nafaqat O`zbekiston, balki undan tashqarilarda ham yaxshi bilishadi. Xo`sh, bugungi kunda yuqorida nomlari sanab o`tilgan polvonlarga munosib izdoshlar etishib chiqyaptimi? Bugun boshlanayotgan musobaqada mahalliy ishqibozlar kimlarga muxlislik qilishi mumkin? Shu savollar bilan O`zA muxbiri Buxoro viloyat kurash federasiyasi ijrochi direktori Savriddin Umarovga murojaat qildi.

- Buxoro viloyatidan bugungi kunda ham mahoratli kurash ustalari etishib chiqmoqda. Negaki kurash qonimizda bor. Uzoqqa bormaylik, o`tgan yili Jakartada o`tkazilgan Osiyo o`yinlarida buxorolik ikkita polvon shohsupadan joy olgandi. Jumladan vazn toifasi 66 kg.gacha bo`lgan polvonlar o`rtasida Ma`ruf G`aybullaev oltin, 100 kg.dan yuqori vazn toifasida esa Nurbek To`raev bronza medali bilan taqdirlangan edi. Ilk marotaba Buxoroda tashkil etilgan Prezident sovrini uchun hazrati Bahovuddin Naqshband xotirasiga bag`ishlangan xalqaro turnirda viloyatimizdan jami 14 nafar polvon gilamga tushadi. Ulardan to`rt nafari O`zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etsa, qolgan o`n nafari viloyatimiz sharafini himoya qiladi. Shundan uch nafari ayollar, qolgan ettitasi erkaklar o`rtasida bellashuvlarda qatnashadi. Nurbek To`raev, Ma`ruf G`aybullaev, Nurjon To`xtaev hamda Madiyor Erkinov O`zbekiston terma jamoasi tarkibida gilamga tushadi. Umid qilamanki ilk marotaba o`tkazilayotgan hazrati Bahovuddin Naqshband xotirasiga bag`ishlangan xalqaro turnirda buxorolik polvonlar munosib ishtirok etadi.

Bugun boshlanadigan bellashuvlarda erkaklar 60, 66, 90, 100 kg.gacha, ayollar esa 52 kg.gacha vazn toifasida g`oliblik uchun kurashadi. Ertaga erkaklar o`rtasida 73, 81 va 100 kilogacha, ayollar orasida esa 63 va 78 kilogacha bo`lgan vazn toifalarida g`oliblar aniqlanadi.

Nizomga ko`ra har bir vazn toifasida oltin medalni qo`lga kiritgan polvonlar 3000, finalchi 2000 hamda yarim finalchilar 1000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Ilk marotaba o`tkazilayotgan ushbu musobaqada yigirmaga yaqin davlatdan jami 135 nafar polvon ishtirok etadi. Shundan 95 nafari xorijlik kurashchilardir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1