Issiq ob- havo natijasida tog`lardagi qorlarning erishi Avstriyada suv toshqinlarining vujudga kelish xavfini yuzaga keltirmoqda, deb xabar berdi Euronews.com. nashri.
Hozirda mamlakat g`arbidagi Inn daryosida suv sathi 6 metrga qadar ko`tarilib ketgani aytilmoqda. Odatda mamlakatda tinimsiz yog`ingarchilik toshqinlarni keltirib chiqarar edi. Biroq bu safar noodatiy issiq tog`lardagi qorlarning katta hajmda erishiga sabab bo`lmoqda. Xavfsizlik nuqtai nazaridan qator ko`priklarda harakatlanish vaqtinchalik to`xtatilgan.
Qutqaruv xizmatlari kuchaytirilgan navbatchilik tartibiga o`tkazilgan. Ular hozirda qirg`oqlarni qum to`ldirilgan qoplar bilan mustahkamlamoqda. Sinoptiklarning ma`lumotlariga ko`ra yaqin vaqt davomida hududda issiq ob- havo saqlanib turadi. Qolaversa kuchli yog`ingarchilik ro`y berishi mumkinligi aytilmoqda.






