1

1 iyuldan boshlab chet eldan dorixonalarga o`zimizda ham ishlab chiqarilayotgan analogi bor dori preparatlari keltirilmaydimi?

Jamiyat 16.06.2019, 23:11
1 iyuldan boshlab chet eldan dorixonalarga o`zimizda ham ishlab chiqarilayotgan analogi bor dori preparatlari keltirilmaydimi?

Shu yilning 10 aprelida davlatimiz rahbarining “2019-2021 yillarda Respublikaning farmasevtika tarmog`ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni e`lon qilingandan so`ng jamoatchilikda dori – darmonlar importiga oid savollar ko`paydi.

“Ishonch” gazetasi muxbiri Zebo Namozovaning maqolasida ushbu savollarga javob izlangan:

Issiq jonmiz – onda-sonda bo`lsa-da dorixona tomon yo`rg`alab qolamiz. Hamma sifatli dorini olish va tezroq shifo topishni istaydi. Agar qo`lingizda shifokorning tavsiya qog`ozi bo`lsa, yozilgan dorini hech bir ikkilanishsiz sotib olasiz. Ammo shamollash yoki tomoq og`rig`idek “xonaki” vaj bo`lsa, albatta, o`zingiz bilgan, sinalgan doridan bosh­qasiga ishonmaysiz. Afsuski, ular ham o`zimizniki emas, xorijniki bo`lib chiqadi. Xo`sh, bizda farmsanoat qachon rivojlanadi?

Yangi farmondan xabardormisiz?

Shu yilning 10 aprelida davlatimiz rahbarining “2019-2021 yillarda Respublikaning farmasevtika tarmog`ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni e`lon qilindi. Albatta, soha yaxshi ishlayotgan, takomili benuqson bo`lganida bunga zarurat bo`lmas edi.

Demak, kamchiliklar bor. Xususan, dorishunoslikda import mahsulotlariga haddan ortiq tayanib qolayotgan edik. Bu mahalliy dori ishlab chiqarish sanoatining rivojiga to`siq bo`lish bilan birga, shu sohadagi ilmiy tadqiqotlik ishlarining ahamiyatini ham susaytirayotgani ayni haqiqat. Xo`sh, Farmonga asosan sanoat rivoji yo`lida qanday o`zgarishlar bo`lishi kutilmoqda? Shu kabi savollarga javob olish va farmonda ko`zda tutilgan chora-tadbirlar haqida kengroq ma`lumotga ega bo`lish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligiga murojaat qildik.

Mutaxassis izoh beradi

Muhabbat Ibrohimova,

Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi

Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK axborot-tahlil bo`limi boshlig`i:

– Mazkur Farmon agentlik zimmasiga qator vazifalar yukladi. Xususan, farmasevtika tarmog`ini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashga zamonaviy mexanizmlarni joriy etish, farmasevtika mahsulotlari bilan ta`minlash holatini tizimli ravishda nazorat qilish, farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, tarmoq korxonalari bilan etakchi xorijiy korxonalar o`rtasida hamkorlikni yo`lga qo`yish, farmasevtika sohasida amalga oshirilishi zarur bo`lgan loyihalarni moliyalashtirish, mahalliy dori vositalarining sifatini oshirish, xorijiy tajribani o`rganish masalalari shular jumlasidan.

Dori vositalarining sifati qat`iy nazoratda bo`lib, sifatsiz dori vositalarining ishlab chiqarilishiga aslo yo`l qo`yilmaydi. Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish Agentligi qoshida Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi O`zbekis­tonga kirib kelayotgan va ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining sifatini nazorat qiladi, ularni davlat ro`yxatidan o`tkazadi. Sertifikatlashtirish organi sifatida 2018 yil va 2019 yilning 1 mayiga qadar 258 nomdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar, 43 nomdagi substansiyalarga muvofiqlik sertifikati berish rad etildi.

Bundan tashqari, dori vositalarini elektron tarzda nazorat qilish tartibi belgilanadi. Bunda xalqaro tajribalarni o`rgangan holda yangi tizim joriy etilyapti. Unga ko`ra har bir import qilinayotgan va ishlab chiqarilayotgan dori vositasiga maxsus stikerlar yoki yorliqlar joylanib, dori rastalariga etkaziladi. Kelgusida shu stiker yoki yorliqlar asosida aholi har bir dori va uning narx-navosi haqida mobil ilova orqali batafsil ma`lumot olishi mumkin bo`ladi.

Sohadagi eng katta yutuqlardan biri, bu – 3 xil ko`rinishdagi “Juslin N”, “Juslin R”, “Juslin 30/70” “insulin” preparatining tadqiqot ishlari ijobiy natija bilan o`z nihoyasiga etganligidir. Kuni kecha esa ushbu preparatlar Sog`liqni saqlash vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazilib, tibbiyot amaliyotida qo`llanilishiga ruxsat etildi. Ayni paytga qadar “insulin” dori vositasi yurtimizga chetdan keltirilar edi. Ushbu dori vositasining yurtimizda ishlab chiqarilishi natijasida import hajmi kamayib, eksport imkoniyati kengayadi. Bu esa valyuta tejash va dori tannarxining pasayishiga xizmat qiladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda farmasevtika sohasida 159 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 89 tasi faqat dori vositalari, 55 tasi tibbiy buyum va 15 tasi dori vositasi hamda tibbiy buyumlar ishlab chiqarish uchun lisenziyaga ega. Bizda 8 mingdan ziyod dori vositalari va tibbiy buyumlar ro`yxatdan o`tkazilgan bo`lib, ularning 4685 tasini xorijiy, 2450 tasini esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar tayyorlagan.

Yangi qabul qilingan Farmonga asosan “2019-2021 yillarda respublika hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga tavsiya etilgan dori vositalari guruhlari ro`yxati” tasdiqlandi. Ro`yxatda keltirilgan preparatlar endilikda mahalliy korxonalarimizda ishlab chiqariladi. Bular antibiotiklar, endokrin tizimi patologiyasini davolash, yallig`lanishga qarshi nosteroid dori vositalari, viruslarga qarshi, me`da-ichak yo`llari va nafas a`zolari patologiyasini davolovchi, immunobiologik, onkologik, yurak-qon tomir kasalliklarini davolashga xizmat qiluvchi dori hamda bolalarda sil bilan infeksiyalanishni erta aniqlovchi diaskin testlari kabi preparat va vositalardir.

Mustaqillikgacha yurtimizda farmasevtika sanoati deyarli mavjud bo`lmagan bo`lsa, bugungi kunda aholi dori ta`minotining salmoqli ulushi mahalliy korxonalarimiz hisobiga to`g`ri kelmoqda. Faoliyat ko`rsatayotgan farmasevtika korxonalariga zamonaviy sanoatning texnika va texnologiyalari joriy etilgan bo`lib, ularda alohida murakkablikka ega bo`lgan immunobiologik preparatlar, ta`siri uzaytirilgan dori turlari, aerozol­lar, ko`p komponentli, murakkab tarkibli dori turlari ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan.

Prezidentning “Farmasevtika tarmog`ini bosh­qarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga binoan “O`zfarmsanoat” DAK faoliyati tugatildi va Sog`liqni saqlash vazirligi huzurida Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Bundan tashqari, farmonga asosan 2019 yilning 1 iyulidan 2020 yil 31 dekabrga qadar, sinov tariqasida, dori preparatlari va tibbiyot buyumlarini davlat tomonidan xarid qilishni amalga oshirishda ikki va undan ortiq ishtirokchilar – analogik mahsulotni (xalqaro patentlanmagan nomi bo`yicha) milliy ishlab chiqaruvchilari mavjud bo`lgan taqdirda davlat buyurtmachisi import dori preparatlari va tibbiy buyumlarni etkazib berish taklifi mavjud barcha buyurtmalarni rad etishi belgilangan.

Bu choralardan ko`zlangan maqsad mahalliy dori ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo`llab-quvvatlash orqali soha rivojiga yordam berishdir.

Tahlil natijalari shuni ko`rsatmoqdaki, mamlakatimizda bugungi kunga qadar farmasevtika tarmog`ini barqaror rivojlantirishning yagona strategiyasi ishlab chiqilmagan hamda mahalliy farmasevtika korxonalarining faoliyatini, shu jumladan, tegishli mahsulotlarni aholi va sog`liqni saqlash muassasalarining ularga bo`lgan ehtiyojini hisobga olgan holda ishlab chiqarish faoliyati kerakli darajada ta`minlanmagan edi. Endilikda esa mazkur farmon bilan Farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizasiya qilishga yo`naltirilgan huquqiy baza mustahkamlandi, farmasevtika mahsulotlarini tarqatish va realizasiya qilish tizimi yo`lga qo`yildi, dori vositalarining erkin muomalasini ta`minlash choralari ko`rildi.

Endi realizasiya paytida, shu jumladan, davlat tomonidan xaridni amalga oshirish jarayonida sotib olinayotgan dori preparatlari va tibbiy buyumlar muvofiqlik sertifikatiga ega bo`lishi shart.

Muvofiqlik sertifikatlari ushbu mahsulotlarning sifatini kafolatlovchi hujjat bo`lib, usiz tibbiy buyum va vositalarning oldi-sotdi qilinishiga ruxsat berilmaydi.

Dori preparatlarini tayyorlash bo`yicha kadrlar ilmiy salohiyati ham o`ta muhim ahamiyatga ega bo`lib, yangi farmonga muvofiq 2019-2021 yillarda farmasevtika tarmog`ini jadal rivojlantirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” ishlab chiqildi. Unga ko`ra, Agentlik qoshida farmasevtika texnoparkini tashkil qilish, texnopark hududida soha mutaxassislarini tayyorlash va kadrlar ilmiy salohiyatini kengaytirish maqsadida etakchi xorijiy oliy o`quv yurti filialini ochish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini tashkil etish masalalari maqsad qilib qo`yilgan. Bu kabi chora-tadbirlarning barchasi mahalliy sanoatimizda xorij mahsulotlariga raqobatbardosh dori-darmonlar ishlab chiqarilishiga erishishga xizmat qiladi.

Mulohazalarga quloq tutamiz

– Imkon qadar tabiiy yo`l bilan davolanib, dori vositalaridan kamroq foydalanishga harakat qilaman, – deydi jurnalist Sadoqat Ro`zieva. – Lekin ehtiyoj paydo bo`lganida Rossiyada ishlab chiqarilgan dori preparatlarining ta`sirini yaxshi sezganman va ulardan shifo topganman. Menimcha, respublikamizda dori sanoatini rivojlantirish jarayonida analogi bor dorilar importini to`xtatish shart emas. Agar o`zimizda ham sifatli dorilar ishlab chiqarilsa, odamlar, albatta, hech qanday ta`sirlarsiz va reklamalarsiz ham ularni sotib olishadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1