AsosiyJamiyat

Yoshlar jinoyatchiligi jilovlanadimi?

'Yoshlar jinoyatchiligi jilovlanadimi?'ning rasmi

Bugun biz kimdandir yoshlar o`rtasidagi jinoyatchilik haqida eshitsak, qaerdadir ularning tortishuvlariga guvoh bo`lgan holda mazkur holatning faol muhokamachisiga aylanib qolyapmiz. Xo`sh, bunday huquqbuzarliklarni kimlar sodir etyapti? Nima sababdan ayrim jinoyat turlari voyaga etmaganlar va yoshlar o`rtasida keng quloch yozmoqda?

Aksar hollarda jamiyatga nisbatan norozilik kayfiyatida yuradigan, ota-ona nazoratisiz qolgan, nosog`lom muhitda o`sayotgan yoki boquvchisini yo`qotgan voyaga etmaganlar o`rtasida badanga og`ir yoki engil tan jarohati etkazish, bezorilik, talonchilik, o`g`rilik, bosqinchilik kabi jinoyatlar sodir etish holatlari ko`p kuzatilmoqda.

Bunga ayrimlar jamoatchilik nazoratining sustligi, ta`limning sifatsizligi va adashib qolgan kadrlarning e`tiborsizligi hamda mas`uliyatsizligini sabab qilib ko`rsatsa, ba`zilar bolaga ta`lim-tarbiya berayotgan, ularning ta`minoti bilan shug`ullanayotgan ota-onaning javobgarlik masalasini o`rtaga tashlaydi. Ayrimlar esa yoshlarning ongiga bevosita ta`sir qiluvchi kinolar, kliplar ham yoshlar o`rtasida zo`ravonlik va yakka hukmronlik, xudbinlik, manmanlik va janjalkashlikni targ`ib qilayotganligini alohida ta`kidlaydi. Eski muammoga yangi echimni kim beradi?

Kelajakni kafolatlashni istagan ota-onalar behuda narsalarga sarflaydigan harakatlari va qimmatli vaqtlarini farzand tarbiyasiga, ajratganlari foydaliroqdir.Bolasini eshitmaydigan, ularning qalbi va ruhini unutgan, farzandlariga vaqtini ajratishga qodir bo`lmagan ota-onalar ertaga o`zlarining kuni kimlarga qolishini o`ylab ko`rishlari kerak! Chunki, ota-bobolarimizning bir ajoyib ibratli so`zlari bejiz aytilmagan: “Toqqa chiqmasang do`lona qayda?”.

Bir o`ylab ko`ring, psixologning farzandi psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug`ullansa, advokatning o`g`li qotillikka qo`l ursa, tadbirkorningbolasi o`g`rilik qilsa, o`qituvchining qizi fohishalik bilan shug`ullansa, bu ota-onalarning el yurtganafi qay darajada?Siz ham hech o`ylab ko`rganmisiz... Sizning farzandingiz jinoyat qilishi mumkinmi? Siz-u biz vaqt ajratimiz kerak bo`lgan mahal, farzandimizni biroz nazoratsiz qoldirganimizda u nimalar bilan mashg`ul bo`lgani bilan qiziqdikmi? Yoshlarning bo`sh vaqti – illatlarningish vaqti bo`lib qolmayaptimi?!

Yoshlar o`rtasida sodir bo`layotgan barcha ko`ngilsizliklar aslida o`zaro mehr-oqibat, do`stona munosabat tuyg`ularining mo`rt va nimjonligidan emasmi? Ko`cha-ko`yda yoxud jamoat transportlarida yoshlarning suhbatiga, o`zini tutishiga e`tibor qaratganmisiz? O`zlarini bir-biridan ustun qo`yish, o`zaro ishonchsizlik va maqtanchoqlik, bir-birini masxaralash, huda-behudaga so`kinishlarni tildan qo`ymaslik kabi salbiy holatlarni siz ham his qilasiz. Bunga savodsizlik omili, badiiy saviya pastligi, milliy tarbiya va qadriyatlar asoslari rivojlanishining to`xtab qolganligi sabab bo`lmayotganmikan?!

Shu o`rinda, ayni damda bolalarni maktabgacha ta`lim tizimidan boshlab to`g`ri tarbiya qilish va buning uchun esa dastlab bolalarni maktabgacha ta`lim muassasalariga qamrovini kengaytirish oqilona qaror ekanini aytish o`rinlidir. Yoshlarning bir-biriga moslashuvi va o`zaro hurmat ruhida shakllanishini aynan shu davrdan boshlash va rivojlantirib borish zamonning o`ta muhim vazifasi bo`lib qolgan. Zero, Abdulla Avloniy ta`biri bilan aytganda “Tarbiyani tug`ilgan kundan boshlamoq, vujudimizni quvvatlantirmoq, fikrimizni nurlantirmoq, axloqimizni go`zallantirmoq, zehnimizni ravshanlantirmoq lozim”.

Bundan tashqari, yoshlar o`rtasida milliy g`ururni shakllantirish, vatanparvarlik g`oyalarini singdirish va ajdodlar merosini o`rgatish orqali ularga kimlarning avlodi ekanligi va ajdodlarga munosib avlod bo`lib etishish uchun qanday ishlash, o`qish kerakligini anglatish,yuzaga kelayotgan salbiy holatlarni bartaraf etishgaxizmat qilishi shubhasiz.

Hozirgi kunda yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ular o`rtasida jinoyatchilik sodir etilishining oldini olish dolzarb masalaga aylangan. Yoshlar o`rtasidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar avvalgi yillarga nisbatan kamaygan bo`lishiga qaramay, aynan voyaga etmaganlar jinoyatchiligi Toshkent viloyatida o`tgan yilgi ko`rsatkichlarni takrorlayotganligini ijobiy baholab bo`lmaydi. O`tgan oylardagi tahlillarga ko`ra mazkur ko`rsatkichlar Surxondaryo va Farg`ona viloyatlarida ham kuzatilgan. Nega aynan bu hududlarda ko`rsatkichlar yaxshilanmayapti?

Tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan o`tkazilayotgan minglab davra suhbatlari, reyd tadbirlari, “Yosh deputat”, “Deputat va yoshlar”, “Senator va yoshlar”, “Hokim va yoshlar”, “Sektor rahbarlari va yoshlar”, “Prokuror va yoshlar”, “Sud va yoshlar” loyihalari nega ayrim joylarda kutilgan samarani bermayapti? Hududlarda aholi soni nisbatan ko`p bo`lgani, hududda aholi punktlari tarqoq joylashgani uchun yoshlarni to`liq qamrab olish qiyinchilik tug`dirganidanmi yoki targ`ibot tadbirlari chekka hududlarda nomiga, hisobot uchungina o`tkazilganmikan?

Joylarda olib borilgan tahlillarga ko`ra, yoshlar o`rtasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`yicha targ`ibot dekadasi doirasidagi tadbirlar asosan, markaz joylarda tashkil etilayotganligi hamda chekka va chegaradosh hududlarda davlat va jamoat tashkilotlari o`rtasida hamkorlikning yo`qligi, hamma o`zicha ishlayotganligi kerakli natijalarga erishishda to`siq bo`lmoqda. Jinoyatchilikni jilovlashda hududning o`z xususiyatidan, mentalitetidan kelib chiqib loyihalarni ishlab chiqish, bu boradagi mas`ullarga aniq, maqsadli vazifalar belgilash hamda “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishdagi samarali ishlarni amalga oshirishning vaqti kelmadimikan?!

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar