Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2024 yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy iste’mol normasiga asoslangan yangi tarif siyosati doirasida uy xo‘jaliklarining energiya iste’moliga ta’sirini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi.
Tadqiqotda respublikaning barcha hududlaridan 3516 ming uy xo‘jaliklari ishtirok etdi. Shuningdek, 3,5 million tabiiy gaz va 8 million elektr energiyasi abonentlarining iste’mol ma’lumotlari tahlil qilindi. Bu esa, energiya iste’moli tarkibi va tariflar o‘zgarishiga aholining munosabatini tushunish imkonini beradi.
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2024 yilning may-dekabr oylarida elektr energiyasi iste’moli 2023 yilning shu davriga nisbatan 10,6 foizga kamayib, 1,3 mlrd kVt/soat tejalgan.
Ilgari oyiga 10 ming kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qilgan uy xo‘jaliklari soni ayniqsa sezilarli darajada kamaydi. 2023 yilda bunday oilalarning soni 80 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 15 mingtaga kamaydi.
Qizig‘i shundaka, aksariyat aholi odatdagi me’yorlar doirasida energiya iste’molidan foydalanishni davom ettirdi. Oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi istemol qilgan abonentlar ulushi 2023 yilda 71 foizni va 2024 yilda 72 foizni tashkil etib, barqarorligicha qoldi.
Tabiiy gaz iste’molida ham shunday tendensiya kuzatildi, 2024 yilda abonentlarning 58 foizi 500 kub metrgacha tabiiy gaz ishlatgan bo‘lsa, 2023 yilda 54 foizni tashkil etgan. Shunday qilib, tariflarning oshishi asosiy iste’mol hajmining keskin o‘zgarishiga olib kelmadi.
Eng sezilarli pasayish dastlabki iste’moli nisbatan yuqori bo‘lgan hududlarda, masalan, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlarida kuzatildi. Yuqori iste’mol darajasi (oyiga 10 000 kVt/soatdan ortiq) bo‘lgan uy xo‘jaliklari soni sezilarli darajada kamaydi, bu esa, energiya resurslaridan tejamkor foydalanishga o‘tishdan dalolat beradi.
Shu bilan bir qatorda energiya ta’minoti sifati ham yaxshilanmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi.
Uy xo‘jaliklarining 47 foiz, xususan, Surxondaryo (78 foiz), Sirdaryo (70 foiz) va Namangan (67 foiz) viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti yaxshilangani qayd etildi.
Respondentlarning 39 foizida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi, eng yuqori ko‘rsatkichlar Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida (har biri 68 foiz) hamda Jizzax viloyatida (60 foiz) qayd etildi.
Aholining 45 foizini, xususan, Sirdaryo (73 foiz), Surxondaryo (62 foiz) va Namangan (59 foiz) viloyatlarida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash yaxshilandi. Shunday qilib, davom etayotgan islohotlar natijasida asosiy energiya xizmatlaridan foydalanish yaxshilanganligini ko‘rsatadi.
Ijobiy o‘zgarishllardan yana biri uy xo‘jaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng joriy etish bo‘ldi. Respondentlarning 90 foizdan ortig‘i energiya xarajatlarini kamaytirish uchun kamida bitta chora-tadbir amalga oshirilganligini ma’lum qildi.
Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘lib, uy xo‘jaliklarining 87 foizi svetodiodli yoritishga o‘tgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respubilkasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi ayrim hududlarda bunday oilalar soni 90 foizdan oshdi.
Uy xo‘jaliklarining 44 foizi, ayniqsa, Qashqadaryo (84 foiz), Buxoro (69 foiz) va Xorazm (54 foiz) viloyatlarida plastik deraza va eshiklarni o‘rnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan.
31 foiz uy xo‘jaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60 foiz), Navoiy (59 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston (54 foiz) Respublikasida kuzatildi.
Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda.
Respublikadagi 64 ming uy xo‘jaliklarida umumiy quvvati 223,4 MVt/soat bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. Yillik ishlab chiqarish qariyb 313 mln kVt/soatni tashkil etadi, bu orqali 104 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.
Quyosh panellarini o‘rnatgan uy-xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi erishilgan natijalardan mamnun ekanliklarini, kelgusida mazkur qurilmalar sonini ko‘paytirishga qiziqish bildirishgan. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, respublikada 1,9 mln uy xo‘jaliklarida quyosh panellarini o‘rnatishga talab mavjud, bu esa 2,3 mlrd dollardan ortiq ichki bozorni shakllantirish istiqbollarini ochadi.