Navoiyda "Qizil kitob"ga kiritilgan 15 ta ilonni noqonuniy olib ketayotgan shaxs ushlandi. Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi hamda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda "Navoiy" chegara bojxona posti orqali O‘zbekistondan chiqib ketayotgan qo‘shni davlat fuqarosi 15 bosh tirik bo‘g‘ma ilonlarni tegishli ruxsatnomalarsiz olib chiqmoqchi bo‘lgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Unga tegishli 10 litr hajmli yelim idishga joylangan mazkur ilonlar "sharq bo‘g‘ma iloni" zotiga mansub bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida Ustyurt platosi, Janubiy Orolbo‘yi, Vozrojdeniya yarimoroli, Markaziy Qizilqum, Zarafshon vodiysi, Qarshi cho‘li, Zarafshon tog‘i, Qashqadaryo, Jizzax viloyati (Zomin tumani), Sirdaryo viloyati cho‘llari, Toshkent viloyatidagi tog‘ yonbag‘irlari, Farg‘ona vodiysi, Surxondaryo viloyatining tekislik va tog‘oldi qismida uchraydi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu ilonlar O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Ma’lumot o‘rnida, hozirda jonivorlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan.