1

8400 metr balandlikda yuz bergan mash`um fojia. "Paxtakor-79" halokatiga 40 yil to`ldi

Sport 11.08.2019, 11:11
8400 metr balandlikda yuz bergan mash`um fojia. "Paxtakor-79" halokatiga 40 yil to`ldi

1979 yilning 11 avgust sanasi o`zbek futbol jamoatchiligi uchun qora harflar bilan yozib qo`yilgan. O`shanda Dneproderjinsk osmonida o`zbek futboli iftixori sanalgan “Paxtakor” jamoasi a`zolari samoda halokatga uchragan. Bu o`zbek futboli uchun katta yo`qotish bo`lgan edi...

1979 yilning 11 avgusti. Toshkent vaqti bo`yicha soat 13 dan 35 daqiqa 38 soniya o`tgan. Shu lahzada Toshkent-Gurev-Donesk-Minsk reysida parvoz qilayotgan TU-134 samolyoti Chelyabinsk-Kishinyov reysini bajarayotgan shu rusumdagi boshqa samolyot bilan to`qnashgan. Fojia erdan 8400 metr balandlikda yuz berdi va ikki samolyot bortida bo`lgan 178 kishi halok bo`ldi. Ular orasida o`sha vaqtda o`zbek futbolining faxri hisoblangan “Paxtakor”ning 17 nafardan iborat tarkibi ham bo`lgan. Afsuski, dispetcherning xatosi ikki yuzga yaqin insonlarni bu hayotdan olib ketdi.

Dispetcherning xatosi nimada edi?

11 avgust, 7:50. Xarkov havo harakatlarini boshqarish markazida rahbar Sergeev janubiy-g`arbiy yo`nalishga mas`ul etib katta tajribaga ega bo`lmagan Jukovskiyni qo`ydi. Uning harakatlarini nazorat qilishni esa birinchi klassli dispetcher Sumskoyga topshiradi. Vaholanki, bu hudud sobiq SSSRda samolyotlar eng ko`p uchib o`tadigan yo`lga ega edi. Odatiy kunlarda ham ushbu joy osmonida boshqa hududlardan ko`ra ish ancha qizg`in bo`lardi.

13:17. Moldovaga qarashli Tu-134 samolyoti Xarkov markazi bilan aloqaga chiqdi. Komandir 9600 metr balandlikni egallashni so`radi. Lekin Jukovskiy unga bu yo`l band bo`lishini aytib, rad javobini berdi.

Keyin esa aloqaga Minskka tegishli bo`lgan Tu-134 chiqib, komandir Komarov samolyot 5700 metr balandlikda ekanini aytib, o`zi uchun belgilangan 9600 metr masofaga ko`tarilishni so`radi. Har ikki samolyot yo`nalishi Dneprodzerjinsk tumani osmonida to`g`ri burchak ostida kesishar, lekin oradagi farq bir daqiqani tashkil etardi. Biroq Jukovskiy hisobda adashib ketadi hamda ikki samolyot uchib o`tish farqi 3 daqiqa deb belgilab oladi. Shu sababli u Komarovga 7200 metr balandlikni egallashga buyruq beradi.

13:34. Minsk ekipaji 8400 metr balandlikka ko`tarilishga buyruq oladi hamda navbatdagi buyruqni kuta boshlaydi. Chunki bu yo`ldan Il-62 uchib o`tishi lozim edi. Va Jukovskiy yana bir xatoga yo`l qo`yadi. Buni “Paxtakor” uchayotgan samolyot komandirining aloqaga chiqib aytgan so`zlaridan payqagan Sumskoy boshqaruvni qo`lga oladi hamda uchuvchilar bilan aloqaga o`zi chiqishni boshlaydi:

13.34.07:—676chi (Il-62ning bort raqami), 9600 metr balandlikni egallang.

13.34.28:—735chi, siz esa 9000 metr balandlikka o`ting. Dneprodzerjinskda 8440 metr balandlikda yo`llar kesishadi.

Javob esa quyidagicha yangraydi:

Tushundim, 8400.

Sumskoyning xatosi shunda bo`lganki, u javobni qaysi samolyot komandiri aytganini so`rab, tasdiqlatishni esdan chiqargan. Har ikki dispetcher buyruqni kim bajarganini so`rashni yoki lokatorga qarab, samolyotlar qaysi yo`nalishda harakat qilayotganini tekshirishni unutishgan.

8400 metr balandlikdagi to`qnashuv

13.35.38: 95 daraja burchak ostida 65916 raqamli Tu-134A shu rusumdagi 65735 raqamli boshqa bir samolyot bilan to`qnashib ketadi. Har ikki samolyot uchuvchilari qalin bulut tufayli qarshisidagi samolyotni ko`rish imkoniyatiga ega bo`lishmagan. 8300 metr balandlikda Moldova samolyoti Minskka qarashli samolyotning qanot qismiga kelib urilgan. Komarov “Paxtakor” uchayotgan layner boshqaruvini 4500 metr balandlikkacha germetizasiya buzilgan holatda ham ushlab turgan, biroq shundan keyin samolyot keskin ravishda qulashni boshlagan.

Halokat to`g`risida birinchi bo`lib o`sha payt havoda bo`lgan AN-2 samolyoti ekipaji xabar beradi: “Kurilovka hududida qulayotgan samolyot qismlari ko`zga tashlanmoqda. Menimcha, bu TU-134 parchalari”.

Ikki laynerning 8400 metr balandlikdagi to`nashuvi natijasida 178 nafar inson halok bo`ldi. 9 oydan keyin bo`lib o`tgan sudda Jukovskiy va Sumskoy ustidan sud qarori e`lon qilindi. Ular umumiy rejimda 15 yildan ozodlikdan mahrum etildi. Boshqa javobgar shaxslar esa “suvdan quruq chiqishgan”.

Fotoarxiv:



Samoda halok bo`lgan o`yinchi va jamoa a`zolarining ro`yxati:

Idgay Borisovich Tazetdinov

13.01.1933

Murabbiy

Vladimir Vasilevich Chumakov

08.12.1932

Shifokor

Mansur Inomjonovich Tolibjonov

04.04.1944

Ma`mur

Mixail Ivanovich An

19.11.1952

Yarim himoyachi

Vladimir Ivanovich Fyodorov

05.01.1956

Hujumchi

Olim Masolievich Ashirov

25.01.1955

Himoyachi

Ravil Rustamovich Agishev

14.03.1959

Himoyachi

Konstantin Aleksandrovich Bakanov

25.05.1954

Yarim

himoyachi

Yuriy Timofeevich Zagumennix

07.06.1947

Himoyachi

Aleksandr Ivanovich Korchyonov

04.05.1949

Yarim himoyachi

Nikolay Borisovich Kulikov

25.04.1953

Himoyachi

Vladimir Vasilevich Makarov

09.03.1947

Yarim himoyachi

Sergey Konstantinovich Pokatilov

20.12.1950

Darvozabon

Viktor Nikolaevich Churkin

25.01.1952

Hujumchi

Sirojiddin Ahmadovich Bozorov

10.08.1961

Hujumchi

Shuhrat Mo`sinovich Eshbo`taev

08.02.1959

Hujumchi

Vladimir Valievich Sobirov

14.01.1958

Hujumchi

Biz o`sha Paxtakor-79”ni hech qachon unutmaymiz. 17 nafar qahramonlar doimo biz bilan birga!

Maqolani to`liq "Darakchi" gazetasining 32-sonida o`qishingiz mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1