Sportchilarimiz Osiyo va Jahon chempionatlari, Olimpiada hamda nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak g`alabalarni qo`lga kiritishmoqda. O`zbek sporti dovrug`ini dunyoga taratayotgan sportchilarimiz davlatimiz tomonidan munosib tarzda rag`batlantirilmoqda.
Bugun, 13-avgust kuni Urganch shahridagi “Yoshlar markazi”da bo`lib o`tgan tantanali marosimda ham ana shunday sportchilarimizdan biri taqdirlandi. Dzyudo bo`yicha mamlakatimizning mohir yosh sportchilaridan biri – Gulnoza Matniyazovaga Urganch shahridan bir xonali uy sovg`a qilindi.
Xalqaro sport arenalarida yurtimiz sharafini ulug`layotgan sportchi qiz 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o`tkazilgan Olimpiya o`yinlari ishtirokchisi, ko`plab xalqaro turnirlar g`olibi va sovrindoridir.
O`z navbatida Gulnoza Matniyazova so`zga chiqib, yosh sportchilarga ko`rsatilayotgan g`amxo`rliklarga minnatdorlik bildirdi. Bundan buyon ham mamlakatimiz sport sharafini himoya qilish uchun astoydil harakat qilishini aytdi.