So`nggi kunlarda ko`p muhokamalarga sabab bo`lgan OAVlar, blogerlarning “post”lar va izohlar uchun javobgarligi masalasida O`zbekiston va xorij mamlakatlari qonunchiligini tahlil qilgan holda o`z munosabatimni bildirishni lozim topdim.
Ma`lumot uchun:
OAV, ya`ni ommaviy axborot vositalari – bu ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega bo`lgan hamda bosma va (yoki) elektron tarzda (shu jumladan Internet tarmog`idagi veb-saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro`yxatga olingan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllaridi;
Bloger – Internet jahon axborot tarmog`idagi o`zining veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo`lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan, axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxsdir.Ya`ni, internetdagi o`zining veb-saytiga va (yoki) veb-saytlardagi o`zining sahifasiga axborot joylashtiruvchi har qanday jismoniy shaxs bloger hisoblanishi mumkin.
OAVlar va blogerlarning internet tarmog`idagi “post”lari va ularga izohlar bilan bog`liq muammolar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida mavjud bo`lib, ularning qonunchiligi bilan turlicha tartibga solinadi. Masalan:
AQShda veb-sayt egalari va blogerlar “Aloqalarning maqbulligi to`g`risida”gi Qonunga ko`ra o`z foydalanuvchilari joylashtirgan tuhmatona ma`lumotlar uchun javobgarlikdan himoya qilinadilar. Umumiy qoida bo`yicha, foydalanuvchilarning sharhlari uchun OAV yoki bloger, sharh haqida bilishi yoki bilmasligidan qat`i nazar, javobgarbo`lmaydi. Lekin, quyidagi hollarda OAV yoki bloger boshqa shaxslar qoldirgan sharhlar uchun javobgar bo`lishi mumkin:
- agar sharh qoldirgan shaxs blogerning xodimi bo`lsa;
- sharhning jinoyatligi ochiqchasiga ma`lum bo`lib turgan bo`lsa;
- sharh mualliflik huquqi yoki savdo markasiga zarar etkazadigan tarkibga ega bo`lsa.
Buyuk Britaniyada veb-sayt egalari, 2013 yilda qabul qilingan “Tuhmat to`g`risida”gi aktning 5-bo`limiga muvofiq, foydalanuvchilarning tuhmatona sharhlari uchun veb-saytlar yoki blogerlarquyidagi hollarda javobgar bo`ladi (agar jabrlanuvchi buni isbotlasa):
- tuhmat yoki haqorat qilgan shaxsni aniqlash imkoni bo`lmaganda;
- jabrlanuvchi sharh mazmuniga nisbatan sayt operatoriga yoki blogerga shikoyat yuborgan bo`lsa;
- jabrlanuvchining shikoyatiga javob berilmagan bo`lsa.
Belarus Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”gi Qonunga ko`ra internet-resurs, internet nashrining egasi o`ziga tegishli bo`lgan resurs orqali qonunchilik bilan tarqatish taqiqlangan, davlat va jamiyat manfaatlariga zarar etkazuvchi ishonchsiz, haqiqatga to`g`ri kelmaydigan jismoniy shaxslarning sha`ni va qadr-qimmatiga putur etkazuvchi, yuridik shaxslarning ishchanlik obro`sini to`kuvchi ma`lumotlarni tarqatilishiga yo`l qo`ymasligi, Respublika qonun hujjatlari talablariga amal qilishi va vakolatli davlat organining talabiga muvofiq yuqorida sanab o`tilgan turdagi ma`lumotlarni darhol o`chirib tashlashga majbur.
O`zbekiston qonunlarinima deydi?
O`zbekistonda axborotlashtirish sohasini, axborotni izlash, olish, tarqatish va undan boshqacha tarzda foydalanish masalalarini tartibga solishga qaratilgan asosiy qonunlar bu O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi hamda “Axborotlashtirish to`g`risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to`g`risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to`g`risida”gi qonunlaridir.
O`zbekiston Konstitusiyasiga muvofiq, har kim, shu jumladan OAV va blogerlar ham o`zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega (amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasno).Ya`ni, qonun bilan cheklangan (taqiqlangan) axborotdan tashqari istalgan axborotni tarqatish mumkin.
Qanday axborotni tarqatish mumkin emas?
“Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”giQonunning 6-moddasi, “Axborotlashtirish to`g`risida”gi Qonunning 121-moddasining birinchi qismiga ko`ra, ommaviy axborot vositalaridan hamda veb-saytlar va (yoki) veb-sayt sahifasi, shu jumladan, blogerning sahifasidan:
O`zbekiston Respublikasining mavjud konstitusiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo`rlik bilan o`zgartirishga da`vat etish;
urush, zo`ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g`oyalarini targ`ib qilish;
davlat siri bo`lgan ma`lumotlarni yoki qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo`zg`atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha`ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo`l qo`yuvchi axborotni tarqatish;
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ`ib qilish;
pornografiyani targ`ib qilish;
qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo`ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo`l qo`ymasligi shart.
Ma`lumot uchun: “qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo`ladigan boshqa harakatlar”ga misol qilib Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksining tuhmat va haqorat qilish uchun javobgarlik belgilangan moddalarini ko`rsatish mumkin (MJTK 40
va 41-md., JK139 va 140 md.).
“Axborotlashtirish to`g`risida”gi Qonunning 121-moddasining ikkinchi qismi bilan quyidagi qoida o`rnatilgan:
“Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo`lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog`idagi o`z veb-saytiga
va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo`lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to`g`riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto`g`riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o`chirib tashlashi shart”.
Ma`lumot uchun: “axborot” tushunchasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to`g`risida”gi Qonunning 3-moddasida berilgan bo`lib, unga ko`ra, axborot deganda manbalari va taqdim etilish shaklidan qat`i nazar shaxslar, predmetlar, faktlar, voqealar, hodisalar
va jarayonlar to`g`risidagi ma`lumotlar tushuniladi.
Demak, ommaviy axborot vositalari hamda veb-saytlar (veb-sahifalar) egalari, shu jumladan, blogerlar ham o`z tarmoqlarida tuhmat, haqorat
va yuqorida keltirilgan tavsiflarga mos tushadigan boshqa har qanday ma`lumotlarni tarqatilmasligini ta`minlashlari, noto`g`ri ma`lumotlar qo`yilgan bo`lsa, ularni o`chirishlari kerak.
Javobgarlik va jazo
“Axborotlashtirish to`g`risida”gi Qonunning 121-moddasining uchinchi va to`rtinchi qismlari yuqorida ko`rsatilgan majburiyatlarning bajarilmasligi oqibatlarini quyidagicha belgilaydi:
“Bu majburiyatlar veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger tomonidan bajarilmagan taqdirda mazkur veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin. Ushbu talablarni buzganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo`ladi”.
Aniq javobgarlik va jazo masalasida esa eng avvalo Jinoyat kodeksining 2441-moddasi jiddiy e`tiborga molik.Ushbu moddaga ko`ra, ommaviy axborot vositalari yoxud telekommunikasiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog`idan foydalangan holda quyidagi hatti-harakatlarni sodir etish 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi:
- diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan, qirg`in solishga yoki fuqarolarni zo`rlik bilan ko`chirib yuborishga da`vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma`lumotlar va materiallarni;
- fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona va vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni:
- jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish.
Bu huquqbuzarliklarga nisbatan ijtimoiy xavflilik darajasi kamroq huquqbuzarliklarni harakatlarni aynan Internet orqali sodir qilganlik (haqoratli yoki boshqacha nomaqbul “post”va izohlar qoldirganlik, nomaqbul izohlarni o`chirmaganlik)uchun jazo belgilovchi alohida qonun hujjati
yoki norma amaldagi qonunchilikda hozircha mavjud emas.
Lekin, javobgarlikka sabab bo`ladigan harakatlarni internet orqali sodir etgan shaxslar shu harakatlarni sodir etganlik uchun umumiy javobgarlik belgilangan tegishli qonun hujjatlariga asosan javobgarlikka tortilishi mumkin. Masalan, internetda “post” yoki izohlar orqali boshqa shaxsni tuhmatyokihaqorat qilganlik uchun Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 40 va 41-moddalari hamda Jinoyat kodeksining
139 va 140-moddalarida jazo belgilangan.
Shu bilan birga, yuqorida ko`rsatilgan jazo choralari faqat huquqbuzarlikni bevosita sodir etgan shaxslarga nisbatan qo`llanilishini ham ta`kidlash lozim.
Chunki, OAVlar hamda blogerlarga tegishli veb-saytlar (veb-sahifalar) orqali jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo`ladigan harakatlarni boshqa shaxslar tomonidan sodir etilishiga yo`l qo`ymaslik majburiyatini amaldagi qonunchilik OAVlar hamda blogerlar zimmasiga yuklagan bo`lsada, lekin bu majburiyatni bajarmaganlik uchun jazo choralari aniq belgilab qo`yilmagan.
Umumiy qoida bo`yicha esa har qanday shaxs faqat o`zi sodir etgan g`ayrihuquqiy, aybli harakati yoki harakatsizligi uchun ma`muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Shu o`rinda javobgarlikning fuqaroviy turi ham mavjudligini eslatib o`tish zarur.Internet tarmoqlari orqali tuhmat, haqorat va boshqa noto`g`ri ma`lumotlarni tarqatilishi oqibatida o`zining sha`ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro`siga putur etkazilgan deb hisoblagan fuqaro, Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga asosan, bunday ma`lumotlarni rad etilishinihamda ularni tarqatish oqibatida etkazilgan zararlar
va ma`naviy ziyoning o`rnini qoplashni talab qilishga haqlidir. Bu qoida yuridik shaxsning ishchanlik obro`sini himoya etishga nisbatan ham tegishli yo`sinda tatbiq etiladi.
Xulosa
1. O`zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq:
- OAVlar hamda veb-saytlar (veb-sahifalar) egalari, shu jumladan, blogerlar o`z tarmoqlarida tuhmat, haqorat va qonunga muvofiq jinoiy
va boshqa javobgarlikka sabab bo`ladigan boshqa ma`lumotlarni tarqatilmasligini ta`minlashlari, noto`g`ri ma`lumotlar qo`yilgan bo`lsa, uni o`chirishlari kerak. Bu ular zimmasiga yuklagan majburiyatlardir;
- bu majburiyatlar bajarilmagan taqdirda tegishli veb-saytdan
va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanish belgilangan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin;
- internet tarmog`ida “post” yoki izohlar orqali boshqa shaxsni tuhmat va haqorat qilish hamda qonunlarga ko`ra javobgarlikka sabab bo`ladigan boshqa harakatlarni sodir etishda aybdor shaxslar (OAV vakili yoki bloger yoxud boshqa jismoniy shaxs) O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 40 va 41-moddalari,Jinoyat kodeksining139,140, 2441-moddalari,Fuqarolik kodeksining 100-moddasi hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ma`muriy, jinoiy va fuqaroviy javobgarlikka tortilishlari mumkin.
2. Axborotni tarqatish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish zarur. Chunki:
birinchidan, mazkur munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining ko`pligi (6 ta qonun va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari mavjud) OAVlar, blogerlar va aholi uchun ularni bilish va tushunishda qiyinchilik tug`diradi;
ikkinchidan, mavjud qonun hujjatlari bilan axborotni tarqatish bilan bog`liq munosabatlar etarlicha tartibga solinmagan, ushbu munosabatlar sub`ektlariga qo`yilgan talablarning bajarilishini nazorat qilish va talablar bajarilmagan hollarda javobgarlikka tortish mexanizmlari mukammal emas (masalan, izohlarni o`chirish majburiyati bor, lekin o`chirmaganlik uchun aniq javobgarlik belgilanmagan);
uchinchidan, soxta akkauntlar orqali “post” va izohlar qoldirish imkoniyatining mavjudligi har doim ham aybdorlarni aniqlash
va javobgarlikka tortishga imkon bermaydi.
A`zam Madaminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
direktori v.v.b.