AsosiyJamiyat

Respublikada tovarlarni eksport qilish yo`nalishida yaratilgan qulayliklar iqtisodiyot tarmog`i rivojiga xizmat qiladi

'Respublikada tovarlarni eksport qilish yo`nalishida yaratilgan qulayliklar iqtisodiyot tarmog`i rivojiga xizmat qiladi'ning rasmi

So`nggi yillarda respublikamiz bojxona organlari o`z faoliyatini “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida olib borishga muhim e`tibor qaratishmoqda. Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun sodda va shaffof bojxona tartib-taomillarini joriy qilishga qaratilgan keng islohotlar amalga oshirilmoqda.

Buning natijasida o`tgan yillar davomida bojxona sohasida qabul qilingan muhim hujjatlar, joriy qilingan yangi tartib va qulayliklarning barchasi tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot etkazib berishni ko`paytirishni rag`batlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning raqobatdoshligini oshirishga qaratildi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasida o`tkazilgan davra suhbatida shu jihatlar alohida qayd etildi. Tadbir eksportyorlarga respublikamizda yaratilgan qulayliklar, qabul qilingan qaror va farmonlarning mazmun-mohiyati targ`ibotiga bag`ishlab tashkil etildi.

Unda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi mutaxassislari, Toshkent shahar prokuraturasi, Toshkent shahar va tumanlari hokim o`rinbosarlari, Toshkent shahar Investisiyalar va tashqi savdo, Davlat veterinariya boshqarmalari, O`simliklar karantini hududiy inspeksiyasi mutasaddi vakillari hamda eksportyorlar ishtirok etishdi.

Ta`kidlash joizki, sohada amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar natijasida 2019 yilning yanvar – iyul oylarida Toshkent shahar bojxona boshqarmasining tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari orqali eksport qilingan tovarlar hajmi 2018 yilga nisbatan 22,3 foizga ko`paygan.

Erishilayotgan natijalar, albatta yurtboshimiz tomonidan imzolangan farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar natijasi deb aytish mumkin.

Tadbirda so`z olgan Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig`ining birinchi o`rinbosari T.Rejapov, Toshkent shahar hokimi o`rinbosari Sh.Raxmonov, Toshkent shahar prokurori o`rinbosari A.Po`latov va boshqalar mamlakatimizda tadbirkorlik sub`ektlariga keng ko`lamdagi qulayliklar yaratilayotganligi, eksportni rag`batlantirishga qaratilgan bojxona tartib-taomillari minimal darajaga tushirib borilayotganligi evaziga yuqori ko`rsatkichlar qo`lga kiritilayotgani ta`kidlab o`tildi.

Ta`kidlash joizki, asosiy maqsad eng avavalo, tadbirkorlik sub`ektlariga qulayliklar yaratish, ularning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan bojxona qonunchiligiga rioya etilishini rag`batlantirish hamda respublika tinchligi va iqtisodiy xavfsizligini ta`minlashga qaratilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi “Bojxona ma`murchiligini takomillashtirish va O`zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni sohada islohotlarning yangi bir bosqichini boshlab berdi.

Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo`yicha Prezidentimiz tomonidan yuklatilgan asosiy vazifalardan biri – bu rivojlangan davlatlar singari “yalpi" bojxona nazoratidan voz kechib, xavf-xatardan ogoh etish tizimi orqali tanlov usulida bojxona ko`rigini amalga oshirishdir.

Farmon bilan sohada “Xavflarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi” dasturi amaliyotga joriy etildi. Endilikda tovar va transport vositalari uchun ham bojxona nazoratida maxsus yo`laklar joriy etildi. Jumladan, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab “sariq” va “qizil” yo`laklar ishga tushirilgan bo`lsa, 2019 yil 1 martidan boshlab “yashil” va “ko`k” yo`laklar bosqichma-bosqich joriy etildi.

Barcha tovar va transport vositalari hamda tadbirkorlik sub`ektlari to`g`risidagi ma`lumotlar avtomatik tarzda 4 ta yo`lakka: “Yashil” (minimal darajadagi xavf), “Sariq” (o`rtacha darajadagi xavf), “Qizil” (maksimal darajadagi xavf) va “Ko`k” (Tovarlar chiqarib yuborilgandan keyingi bojxona nazorati) yo`laklarga ajratiladi va shundan kelib chiqqan holda nazorat shakllari hamda usullari tanlanadi.

Ushbu tizim tovarlar bojxona chegarasi orqali olib o`tilayotganda bojxona operasiyalarining o`tkazilishini tezlashtirish bilan bir qatorda, bojxona to`g`risidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlarini aniqlash, prognoz qilish va ularning oldini olishda muhim rol o`ynaydi. Bojxona xodimi xavfni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi buyurgan bojxona operasiyalarini bajarishga majbur hisoblanadi.

Tizimning joriy etilishi har tomonlama tahlil asosida bojxona nazorati ob`ektlarini aniqlash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun ma`muriy to`siqlarni kamaytirishga, bojxona nazorati xajmining kamayishiga, sifatining oshishiga, mavjud kuch va vositalardan optimal foydalanishga, halol tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini rag`batlantirishga hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida 2019 yil 30 martdagi 269-son qaroriga asosan kiritilgan o`zgartirishlarga muvofiq tovarlar eksport bojxona rasmiylashtiruvida kontrakt, ya`ni shartnomaning qog`ozli nusxasini taqdim qilish, shuningdek, barcha tashqi savdo shartnomalarini bojxona organlaridan va Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida ro`yxatdan o`tkazgandan so`ng tovarlarni eksport qilishga ruxsat berish amaliyoti bekor qilindi.

Prezidentimizning 2019 yil 24 maydagi “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug`urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga asosan, eksportga mo`ljallangan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo, butlovchi buyumlar va materiallar importida qo`shilgan qiymat solig`i to`lashni bojxona yuk deklarasiyasi qabul qilingan kundan boshlab 120 kunga kechiktirish imkoniyati berilishi belgilandi. Shu sababli, bugunda mazkur norma talabidan kelib chiqib, eksport qiluvchi korxonalarga qo`shilgan qiymat solig`ini to`lashni kechiktirish imkoniyatini berish tartibi, ya`ni mexanizmi ishlab chiqilmoqda. Mazkur imtiyoz tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni, shu jumladan, komissioner (ishonchli vakil) orqali realizasiya qilishdan tushgan umumiy tushumida hisobot davri yakuni bo`yicha tayyor mahsulot eksporti ulushi 50 foizdan yuqori bo`lgan yuridik shaxslarga ularning arizalariga ko`ra beriladi.

Shuni alohida e`tirof etish kerakki, Prezidentimizning 2019 yil
28 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi
qarori bilan Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni rag`batlantirish agentligi tashkil etilganligi, eksportni rag`batlantirish va eksportyorlarni qo`llab-quvvatlash yo`nalishidagi muhim yangiliklardan biri bo`ldi.

Agentlikning asosiy vazifalari – eksportni rag`batlantirish va eksportyorlarni qo`llab-quvvatlash, ularga tashqi bozorlarga chiqishda va ularning eksport faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarini echishda ko`maklashish hisoblanadi.

Ochiq muloqotda agentlikning faoliyatiga alohida to`xtalib o`tildi. Bugungi kunda Eksportni rag`batlantirish agentligi tomonidan eksportni rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, axborot va moliyaviy qo`llab-quvvatlash, chuqur marketing tadqiqotlarini o`tkazish, xalqaro sertifikat va lisenziyalarni olishga ko`maklashish, tashqi bozorlarga mahsulot etkazib berishga ko`maklashish, shuningdek, xorijda o`zbek brendlari va tovarlarini ilgari surish bo`yicha “Made in Uzbekistan” dasturini amalga oshirishda qator ishlar olib borilmoqda.

Agentlik tomonidan xalqaro ko`rgazma va yarmarkalarda milliy stendlar, biznes-seminarlar va treninglar tashkil etish, xalqaro sertifikatlar va lisenziyalarni olishda va eksport qilinadigan mahsulotlarni tashishda ko`maklashish, elektron tijorat tizimini yaratish, xorijiy hamkorlarni izlash va savdo vakolatxonalari bilan hamkorlik qilishda samarali faoliyat olib borayotganini alohida ta`kidlash joiz.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 maydagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investisiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bo`yicha bir qator engillik va imtiyozlar yaratib berilganiga ham to`xtalib o`tildi. Shuningdek, bojxona ma`murchiligini takomillashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirish, biznesni rivojlantirish yo`lida byurokratik to`siqlarni bartaraf etish va mamlakatda investisiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar joriy yilda ham izchillik bilan davom ettirilayotgani aytib o`tildi.

Tadbirkorlarda tug`ilayotgan savollarga o`z vaqtida to`laqonli javob berish borasida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ularning qiynayotgan muammoli masalalarni tezkorlik bilan joyida hal etishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Murojaatlar asosan bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga doir bo`lmoqda. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga bojxona qonunchiligidagi so`nggi o`zgarishlar asosida bojxona xizmati xodimlari tomonidan o`z vaqtida javoblar berilmoqda. Bu yo`lda esa prokuratura va davlat bojxona xizmati organlari tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining yaqin ko`makchisi bo`lishga hamisha shayligiga e`tibor qaratib kelinmoqda.

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga tizimdagi korrupsiya va tamagirlik holatlariga qarshi kurashishda jamoatchilikning ham faol ko`magi zarurligi, unga qarshi birgalikda kurashish kerakligi, bu borada bojxona, prokuratura va soliq organlari tomonidan har qanday amaliy va huquqiy jihatdan ko`mak berilishi ta`kidlandi. Kunning istalgan vaqtida Davlat bojxona qo`mitasining qisqa raqamli 11-08 “Ishonch telefon”i orqali murojaat qilishlari mumkinligi alohida qayd etildi.

Tadbir so`ngida bojxona ishi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga har tomonlama qulayliklar yaratish bo`yicha davlat organlari har qanday ko`mak berishga, korrupsiya va boshqa har qanday illatlarga qarshi kurashishda keng hamkorlik qilish muhimligi, bundan har bir tadbirkorlik sub`ekti va jamiyatning har bir a`zosi manfaatdor ekanligi ta`kidlandi.

Boshqarma tomonidan o`tkazilayotgan bu kabi tadbirlar mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada rivojlantirish, tadbirkorlar manfaatlarini ta`minlashga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar