1

Toshkentda Prezident maktabi ochildi

Siyosat 10.09.2019, 17:19
Toshkentda Prezident maktabi ochildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 sentyabr kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurdi.

Barcha sohalarda ilg`or taraqqiyot yo`lidan borayotgan va yuksak marralarni qo`yayotgan yurtimiz uchun har tomonlama etuk kadrlar kerak. Shu maqsadda davlatimiz rahbari tomonidan qator farmon va qarorlar qabul qilinib, bunga zamin yaratildi. Maktabgacha ta`lim, umumta`lim va oliy ta`lim tizimi mazmunan va sifat jihatidan yangilanib bormoqda.

Mamlakatimizda tashkil etilayotgan Prezident maktablari yangi avlod kadrlarini tarbiyalashda muhim asos bo`lishi shubhasiz. Chunki bu o`quv maskanlari iqtidorli bolalarni aniqlash, ilg`or texnologiyalarni qo`llagan holda ularga saboq berish va tarbiyalash bo`yicha yaxlit tizim bo`ladi. Ta`lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o`quv rejalari va dasturlari bo`yicha ingliz tilida olib boriladi.

Shunday maktablarning birinchisi poytaxtimizda foydalanishga topshirildi. 168 o`ringa mo`ljallangan maktab binosi va yotoqxona, 15 o`rinli o`qituvchilar mehmonxonasi yuksak darajada bunyod etildi.

Joriy yilda maktabning 5-10-sinflari uchun hujjat topshirgan 7 mingga yaqin o`quvchidan 144 nafari o`qishga qabul qilindi. Kanadaning “Teachaway” va Buyuk Britaniyaning “TIC Recruitment” rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olindi. Shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o`qituvchi ham jalb qilindi. Ta`limda STEAM yondashuviga oid darslik va o`quv qo`llanmalari olib kelindi.

Prezident Shavkat Mirziyoev maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, o`quvchilar bilan suhbatlashdi.

- Bu hayotingizdagi birinchi sinov bo`ldi. Mehnat, bilim, adolat nima ekanini ko`rdingiz. Sizlarni shunday nufuzli maktabga munosib bo`lganingiz bilan chin yuragimdan tabriklayman. Siz endi O`zbekistonning “oltin fondi”sizlar, - dedi Prezident. - Xalqning, mamlakatning buyukligini tarannum etadigan narsalar ko`p. Lekin eng afzali bilim bilan namoyon etish. Yoshlarimiz orasidan Xorazmiylar, Ibn Sinolar, Ulug`beklar chiqishiga barcha asoslarimiz bor. Bugun tarixiy kun. Ilgari yurtimizda bunday sharoit bo`lmagan. Endi chet eldan nufuzli mehmonlar kelsa, katta-katta zavodlarni emas, Prezident maktablarini ko`rsatamiz. Sizlar bilimingiz, yurish-turishingiz, vatanparvarligingiz bilan hamma yoshlarga namuna bo`lishingiz kerak. Kelgusida O`zbekiston taraqqiyotiga ta`sir ko`rsatadigan kuch bo`lasizlar.

Maktab o`quvchilari zamonaviy bilimlarni o`zlashtirish bilan birga milliy o`zligimizni chuqur anglashi, tariximiz va ona tilimizni mukammal bilishi shartligi ta`kidlandi.

Davlatimiz rahbari pedagoglar bilan ham muloqotda bo`ldi.

- Yuragimdagi gapimni bilishlaringizni xohlayman: men sizlarga eng katta boyligimni ishonib topshiryapman. Bolalarimizning ko`zini, bilimini, g`urur-iftixorini ko`rib, yo`limiz to`g`ri ekaniga ishonch hosil qildim. Islohotlarimizga, farzandlarimiz tarbiyasiga elkadosh bo`lganingiz uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman, - dedi Shavkat Mirziyoev.

O`quvchilarning ota-onalari va ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvda O`zbekistonda uchinchi renessans davri boshlanayotgani ta`kidlandi.

Shavkat Mirziyoev Prezident maktabining faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi, maktabning ilk o`quvchi va o`qituvchilari bilan suratga tushdi.

Prezident maktablari joriy yilda Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida ham ochiladi. 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg`ona viloyatlarida, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan.


Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1