AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev: Hunarmandchilikning paydo bo`lishi – sivilizasiya sari tashlangan eng muhim tarixiy qadam

'Shavkat Mirziyoev: Hunarmandchilikning paydo bo`lishi – sivilizasiya sari tashlangan eng muhim tarixiy qadam'ning rasmi

Qo`qon shahrida 14 sentyabr kuni birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev barchani chin yurakdan qutlab, yurtimizga, ushbu anjumanga bo`lgan katta hurmat va e`tibori uchun xorijiy mehmonlarga tashakkur izhor etdi.

- Umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi bo`lgan xalq amaliy san`ati dunyodagi har bir xalq hayotida, uning turmush tarzi va qadriyatlari rivojida alohida o`rin tutadi. Insoniyatning ongli hayotida hunarmandchilikning paydo bo`lishi – sivilizasiya sari tashlangan eng muhim tarixiy qadam, desak, haqiqatni aytgan bo`lamiz, - dedi davlatimiz rahbari.

Shavkat Mirziyoev buyuk avliyo va hunarmand bobomiz Bahouddin Naqshband so`zlaridan iqtiboslar keltirdi. Diyorimizda hunarmandlar mehnati qadrlanib, yoshlarning hunar o`rganishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, ushbu festival bu sohani yanada rivojlantirishda muhim o`rin tutishini qayd etdi.

- Ushbu xalqaro festival nafaqat ko`pmillatli O`zbekiston xalqi, balki jahon hunarmandlari, butun dunyo ustalarining katta bayrami, desak to`g`ri bo`ladi. Bu – olis tarix va bugungi zamon nafasini, turli qadriyat va an`analarni o`zida yaqqol namoyon etadigan, mushtarak dillarni birlashtiradigan chinakam do`stlik va hamkorlik anjumanidir, - dedi Prezident.

Mazkur festival davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 noyabrdagi qaroriga muvofiq o`tkazilmoqda. Festival arafasida shahar hayotida yana bir muhim voqea yuz berdi - Jahon hunarmandlar kengashi tomonidan Qo`qon shahriga “Jahon hunarmandlari shahri” degan yuksak unvon berildi.

Marosimda Jahon hunarmandlar kengashi prezidenti Rozi Grinlis ham nutq so`zladi.

Anjuman o`tkaziladigan maydon atrofi bayramona bezatilgan. Qoraqalpog`iston va barcha viloyatlardan, shuningdek, chet ellardan kelgan hunarmandlar buyumlari ko`rgazmasi tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev ochilish marosimidan so`ng ushbu mahsulotlarni ko`zdan kechirdi, hunarmandlar bilan suhbatlashdi.

Xalqaro hunarmandchilik festivali ikki yilda bir marta o`tkaziladi. Bu yilgi anjumanda 78 ta mamlakatdan 370 dan ziyod hunarmandlar, san`atshunoslar, jurnalistlar ishtirok etdi.


    Boshqa yangiliklar