AsosiyJamiyat

Lord Muhammad Iltaf Shayx: “Xayriya fondimni otamning sharafiga “Abdullo” deb nomlaganman”

'Lord Muhammad Iltaf Shayx: “Xayriya fondimni otamning sharafiga “Abdullo” deb nomlaganman”'ning rasmi

Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasining Konservativ partiyasi a`zosi, lord Muhammad Iltaf Shayx va uning o`zbekistonlik rafiqasi Guli Xonim Shayx avgust oyida yurtimizda o`tkazilgan bir qator tadbirlarda ishtirok etish uchun tashrif buyurishdi. Ular bilan taassurotlarini o`rtoqlashish va angliyalik investorlarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan suhbatlashish maqsadida uchrashdik.

– Xush kelibsiz O`zbekistonga, lord janoblari!

– Rahmat! Xushvaqt bo`ling.Yana bir bor O`zbekistonga kelish nasib etganidan xursandman.

– Yurtimizda o`tkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali va O`zbekiston Respub­likasi Mustaqilligining 28 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdingiz. Taassurotlaringiz bilan bo`lishsangiz.

– Ha, Yurtingizda avgust oyida o`tkazilgan bir qancha katta madaniy tadbirlarda ishtirok etdim. Tadbirlarda27 davlatdan kelgan mehmonlar bilan uchrashdim. Bundan ko`rinadiki, dunyoning 27 davlati O`zbekiston haqida yaxshi fikrga ega. O`ylaymanki, ular bejizga kelmagan. Bu O`zbekistonning dunyo hamjamiyatida qanchalik hurmatga sazovor ekanini bildiradi. Turli millat vakillarining yuqori martabali mehmonlari bilan suhbatlashish jarayonida shunga yana bir bor amin bo`ldim.

– Yurtimizga bir necha bor tashrif buyurgan, tashqaridan kuzatayotgan siyosatchi, tadbirkor sifatida hozir O`zbekiston imidji qay darajada deb hisoblaysiz? Mamlakat imidjini oshirish uchun dunyoda qanday ishlar olib boriladi?

– O`zbekistonning tarixi juda boy. Chunki bu erda dunyo ilmu ma`rifatiga ulkan hissa qo`shgan ulamolar etishib chiqqan.Hozir O`zbekiston to`g`ri yo`ldan ketyapti deb o`ylayman. Bu erga beshinchi marta kelishim va har kelganimda yaqqol o`zgarishlar e`tiborimni tortyapti. Shu darajada tez rivojlanayotganiga qarab, O`zbekistonni Dubayga o`xshatish mumkin.

Britaniya siyosatchisi sifatida shuni ayta olamanki, biz O`zbekiston bilan do`stona aloqalarimiz borligidan mamnunmiz. Savdo va investisiya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga ham yuqori baho beraman. Qolaversa, Britaniya parlamentida O`zbekiston bo`yicha umumpartiyaviy guruh tuzilishida oz bo`lsada hissa qo`shganimdan xursandman.Mamlakatni boshqa davlatlarga tanishtirishda, imidjini oshirishda elchixonalarning o`rni beqiyos. O`zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasiham mamlakat imidjini oshirish ustida ko`pgina ishlarni amalga oshirmoqda. Bularning barchasi o`z samarasini bermay qolmaydi.

– Tariximiz bilan juda yaxshi tanish ekansiz, nima deb o`ylaysiz, turistlarni jalb qilishda tariximizdan, me`moriy yodgorliklardan etarlicha foydalanyapmizmi?

– O`zbekiston mustaqil bo`lganiga endi 28 yil bo`ldi. Bu tarixan katta muddat emas. Bu yangi davlat. Elchixonalar ishtiyoq bilan ishlab, turistlarni jalb qilish uchun targ`ibot ishlarini yaxshi olib borishyapti. Targ`ib qilish elchixonaning vazifasi. Masalan, Britaniyada yaxshi turpaketlarni tashkil qilib, turagentliklarga taqdim etish, tanishtirish, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlar, noyob tarixiy obidalar haqida fotoko`rgazma, buyuk allomalaringiz hayoti va ilmiy merosi haqida ma`ruzalar tashkil etish lozim, shu kabi turli yo`llar bilan reklamani ko`paytirish kerak deb hisoblayman. O`zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi salohiyati juda ham yuqori. Men bu mamlakatni juda yaxshi ko`raman. Agar turizm bo`yicha biror yordam kerak bo`lsa, men tayyorman.

O`zbekiston tarixiga esa azaldan qiziqqanman, Samarqand, Buxoro, Xivani ko`rishni orzu qilardim. Bu qiziqish umr yo`ldoshimni uchratishdan oldin paydo bo`lgan. Turmush o`rtog`imning qo`lini so`rash uchun birinchi marta O`zbekistonga tashrif buyurganimda, tarixiy shaharlaringizni borib ko`rish nasib etgandi. Undan keyin Prezident saylovlarida kuzatuvchi bo`lib taklif etilganimda ham kelib yurtingiz bilan yaqindan tanishib ketganman.

– Angliyada bir qancha xayriya fondlaringiz bor, u fondlar qaysi sohalarga yo`naltirilanligi haqida so`zlab bersangiz.

– Xayriya fondlarim asosan boquvchisini yo`qotgan oilalarga ko`mak berishga qaratilgan. Buyuk Britaniyada ochilgan fondim otamningsharafiga “Abdullo” deb nomlanadi.Otam ham tadbirkor va siyosatchi bo`lgan, u Afrikaning Uganda davlatida yashagan.Otamning ham ko`plab xayriya fondlari bor edi. Muhtojlarga yordam berishni otamdan o`rganganman.

Fondlarimiz asosan ta`lim yo`nalishi, maktablar, masjidlar qurish, beva-bechoralarga, og`ir kasallikka chalingan bemorlarga yordam berishga mo`ljallangan. Bundan tashqari yana uchta fondning homiyiman. Bu fondlar orqali bolalar uylarida yashayotgan bolalar, urush bo`layotgan davlatlarda boquvchisiz qolgan oilalarga yordam beriladi. “Etim bolalar muhtojligi” deb ataladigan fondim 12 davlatda ish yuritadi. Shu fond mablag`idan yordamga muhtoj davlatalarda bolalar uylari ochilgan. U erda tarbiyalanayotganlarning ta`lim olishi va yashashi uchun kerakli mablag` muntazam ajratib turiladi. Ularning jamiyatga moslashishiga ko`mak berish uchun qo`limizdan kelganini qilamiz. Yana bir fondimda ko`krak bezi saratoniga chalingan ayollarga yordam beriladi, boshqa biri esa o`lim bilan nihoya topadigan kasallikka uchraganlarga ko`mak berishga ixtisoslashgan.

Bundan tashqari bir necha kitoblar muallifiman. Kitoblarimdan tushgan mablag`ning barchasi fondlarga o`tkaziladi. O`zbekistonda ham xayriya fondi ochishni rejalashtirganman.

– O`zbekistonda qanday fond ochmoqsiz? Fondning maqsad va vazifalari haqida gapirib bersangiz.

– O`zbekistonda imkoniyati cheklangan bolalarga yordam berishga ixtisoslashgan fond ochmoqchimiz. Ma`lumki, nogironlar har doim ham ijtimoiy hayotda faol bo`lishmaydi, asosan uyda o`tirib qolishadi. Ularni faolikka chorlash, jamiyatga qo`shish kerak. Imkoniyati cheklanganlarga nogirondek munosabatda bo`lmaslik lozim, ular o`zlarini jamiyatning keraksiz a`zosidek his qilmasligi uchun sharoit yaratish lozim. Biz turmush o`rtog`im Guli Xonim bilan masalahatlashgan holda imkoniyati cheklanganlarga ko`mak beradigan fond ochishga kelishdik. Bir narsa menga qattiq ta`sir qildi. Biz O`zbekistonning Mustaqillik kuni munosabati bilan bo`lib o`tgan bayram tadbirida ishtirok etdik va tadbirda nutq so`zlagan prezident Shavkat Mirziyoev ham nogironlarga yordam berish, fondlar ochish kerakligi haqida gapirganlarida, demak to`g`ri qarorga kelibmiz deb xursand bo`lib ketdik. Chunki biz ham aynan shuni rejalashtirgandik. Men hozir Amir Temur haqida yoziladigan kitob ustida ishlayapman

Ushbu kitobimdan tushgan mablag` to`laligicha O`zbekistonda ochiladigan xayriya fondiga yo`naltiriladi.

– Britaniyaliklar investisiya kiritishi uchun qanday imkoniyatlar bo`lishi kerak? Bilishimcha, britaniyalik tadbirkorlar bugungi kunda O`zbekistonga ko`p investisiya kiritgani yo`q...

– Birinchi navbatda britaniyalik investorlarni jalb qiladigan biznes konferensiyalar tashkil etish kerak. O`zbekistondagi Buyuk Britaniya elchixonasi bilan hamkorlikda investorlarni chaqirib, O`zbekistondagi muhit bilan yaqindan tanishtirish lozim. Ularning kelishi yana bir eshikni ochishda yordam beradi.

– Hozirgi kunda butun dunyo e`tiborida bo`lib turgan Breksit masalasida ham fikringizni bilmoqchi edim...

– Oldingi bosh vazirimiz Tereza Mey ham, hozirgisi Boris Jonson ham Evropa Ittifoqidan chiqish tarafdorlari. Farqi Tereza Mey kelishgan holda EIdan chiqish niyatida edi, Boris Jonson esa kelishuvlarni kutmasdan chiqmoqchi. Men ham ularning fikrini qo`llab-quvvatlayman. Oxirgi uch-to`rt hafta biz uchun og`ir kechishi mumkin. Diqqat-e`tiborimiz faqat Breksitga qaratiladi. Men bu vaziyatlar tinchigach, Bosh vazirimiz Boris Jonson O`zbekistonga tashrif buyurishini juda istardim. Londonga qaytgach, bu fikrlarim asosida tavsiya xati yozib, Bosh vazirimizga albatta kiritaman.

O`zbek xalqi juda ochiqko`ngil, mehribon. Men buni juda qadrlayman va faqat yaxshiliklar tilayman.

Suhbat uchun rahmat. Endi ijozatingiz bilan Guli Xonimga ham bir necha savol bilan murojaat qilsam.

– Sizga ham rahmat. Bemalol.

– Guli xonim, sizning Britaniyada o`z biznesingiz bor deb eshitganmiz, u erda biznes ochish va yuritish qanchalik oson?

– Men O`zbekiston fuqarosi bo`lsam ham, Angliyada o`z biznesimga egaman. Hunarmandlarimizning mahsulotlarini sotish bilan shug`ullanadigan kompaniyam bor. U erda tadbirkorlik ishi ochish juda oson. Lekin uni yuritish, raqobatbardosh bo`lish oson emas.

O`zbekistonda ham hozirgi kunda tadbirkorlik ishini ochish ancha oson bo`lgan. Men shu kunlarda Toshkentda London College of English o`qish markazini ochish ishlari bilan bandman. Ushbu o`quv markazini ochishdan maqsad, ko`pchilik menga “bolam ingliz tilini yaxshi bilishi uchun uni Londonga yuborish yo`llari bo`yicha maslahat bering” deyishadi. Lekin hammada ham farzandini Londonga jo`natib, o`qitish imkoniyati yo`q. Shuning uchun men londonlik o`qituvchilarni O`zbekistonga olib kelishga qaror qildim. Bundan tashqari biz lord janoblari bilan birga O`zbekistonga har gal kelganimizda banklarda, sug`urta kompaniyalarida yoki boshqa tashkilotlarda tarjimonlar muammosiga duch kelamiz.

Ayrimlar mendan siz olib kelgan o`qituvchilar bizning tilni bilmaydi-ku, qanday gaplashamiz deb so`rashdi. Men ulardan agar xorijga borsangiz nima qilardingiz, u erda sizga hech kim tarjimon bermaydi. Aksincha shunda tezroq o`rganasiz, deb javob beraman. Sifatli ta`lim natijasida ingliz tilini tez va oson o`rganish mumkin. Prezidentimiz ham xorijiy biznesmenlar ko`proq kelishini istayapti. Lekin har sohada til biladiganlar bo`lmasa, ular bilan qanday gaplashamiz? Shu sabab ingliz tilini o`rgatish kurslarini ochish va yurtimizga shu orqali investisiya kiritishga qaror qildim.

– Suhbat uchun tashakkur. Ishlaringizga omad!

Dilfuza Sobirova suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar