AsosiySiyosat

O`zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari kengashining maxsus ma`ruzachisini qabul qildi

'O`zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari kengashining maxsus ma`ruzachisini qabul qildi'ning rasmi

Bugun, 25 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo`lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo`yicha maxsus ma`ruzachisi Diego Garsiya-Sayanni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O`zbekistonning BMT va uning tuzilmalari bilan konstruktiv munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik ushbu sheriklikning eng muhim yo`nalishlaridan biri hisoblanadi.

BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Zayd Raad Al Husayn va BMTning Din yoki e`tiqod erkinligi masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachisi Ahmad Shahidning mamlakatimizga tashriflari natijasida inson huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash, bu boradagi xalqaro muloqotni yanada rivojlantirishga qaratilgan “yo`l xaritalari” amalga oshirilmoqda.

O`zbekiston inson huquqlari bo`yicha 70 dan ziyod xalqaro hujjat, jumladan, BMTning o`nta asosiy shartnomalariga qo`shilgan. 2018 yil noyabr oyida Samarqandda ilk bor Inson huquqlari bo`yicha Osiyo forumi o`tkazildi.

Shuningdek, O`zbekiston parlamenti tomonidan BMTning Inson huquqlari sohasida ta`lim va malaka to`g`risidagi deklarasiyasini amalga oshirish bo`yicha milliy dastur qabul qilingan. Ushbu hujjat sud-huquq sohasi xodimlarining inson huquqlari to`g`risidagi bilimlarini oshirishni nazarda tutadi.

Yurtimiz sud-huquq tizimiga xalqaro standartlarni joriy qilish orqali sudya va advokatlarning mustaqilligini ta`minlash 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasining asosiy vazifalaridan biridir.

Xususan, yangi organ – Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, sudyalarni uzoq muddatga tayinlash va sud qarorlarini jamoatchilikka e`lon qilish amaliyoti joriy etildi. "Xabeas korpus" va "elektron odil sudlov" mexanizmlarini qo`llashni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Mamlakatimizda advokatlarning mustaqilligini ta`minlash va o`rnini mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda, Advokatlar palatasining roli ortib bormoqda.

Uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari yuzasidan batafsil fikr almashildi, O`zbekistonning sud-huquq sohasidagi qonunchiligini yanada takomillashtirish jihatlari va qo`shma tadbirlar o`tkazish masalalari muhokama qilindi.

BMT Inson huquqlari kengashining maxsus ma`ruzachisi samimiy qabul hamda tashrifi tadbirlarga boy dastur asosida tashkil etilgani uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.

Diego Garsiya-Sayan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat va xalq o`rtasida bevosita muloqot orqali fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, qonuniylik va huquq ustuvorligini mustahkamlash, odil sudlovni ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.

BMTning yuqori martabali vakili O`zbekiston bilan konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga va demokratik yangilanishlarni amalga oshirishda amaliy ko`maklashishga tayyor ekanini ta`kidladi.


    Boshqa yangiliklar