Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Shu yilning 25 sentyabr kuni soat 22.01 da Toshkent shahar “Tez yordam” stansiyasi “Call-markazi”ga Yashnobod tumani Botkina ko`chasi 4- uy, 38-xonadonda yashaydigan A.Aning ahvoli og`irlashgani haqida qo`shnisi xabar beradi. Bu ma`lumot zudlik bilan Yashnobod tumani 3-podstansiyasiga etkaziladi va “Tez yordam” brigadasi soat 22.18 da aytilgan manzilga etib boradi.
Vrach Q.S. va feldsher M.O. bemor A.A.ni ko`rikdan o`tkazganida u vafot etgani ma`lum bo`ladi. Biroq, bemorning yaqinlari shifokorlardan bemorga ukol qilish, reanimasiya yordami ko`rsatishni talab qiladi. Shifokorlar ularga bu foydasiz ekanini tushuntirishiga qaramasdan, bemorning yaqinlari tibbiyot xodimlariga tahdid qilishda davom etadi. Shunda feldsher M.O. uyning yo`lagiga qochib chiqadi. Bemorning yaqinlaridan uch kishi uning ortidan quvib, yo`lakda uni kaltaklaydi.
Natijada M.O. jiddiy tan jarohati olib, yo`lovchi mashinada Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasiga boradi. U erda feldsherga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilib, olgan tan jarohati og`ir bo`lgani uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yuboriladi. Bemorga bosh miya yopiq jarohati, yuz-jag` jarohati, ko`krak qafasi yopiq jarohati, buyrak jarohati tashxisi qo`yilgan. Shifokor Q.S. ham jiddiy tan jarohati olgani bois, ayni paytda davolanmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi shifokorlarning salomatligini qat`iy nazoratga olgan. Shu bilan birga, mazkur holatga huquqiy baho berish, tibbiyot xodimlarining haq-huquqini himoyalash maqsadida Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat yo`llandi.
- Shu o`rinda aytmoqchi edikki, shifokor o`z halovatidan kechib, o`zgalarning sog`lig`ini ko`zlab, kunni tunga ulab mehnat qiladi. Sog`lig`i yomonlashib, ko`makka muhtoj bo`lgan insonning hayoti va salomatligi uchun bor kuch-salohiyatini bag`ishlaydi. Shunday ekan, yaxshilik qilgan insonga yomonlik qilish, shifokor hayotiga tajovuz qilish insoniylikka mutlaqo ziddir. Umid qilamizki, keng jamoatchiligimiz jamiyatimizda ro`y berayotgan bunday illatlarga befarq bo`lmaydi, - deya jamoatchilikka murojaat qilgan Sog`liqni saqlash vazirligi.