AsosiySiyosat

​Markaziy saylov komissiyasi: har bir saylovchi – diqqat-e`tiborda

'​Markaziy saylov komissiyasi: har bir saylovchi – diqqat-e`tiborda'ning rasmi

2019 yil 27 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan O`zbekiston Nogironlar jamiyati, O`zbekiston Ko`zi ojizlar jamiyati va O`zbekiston Karlar jamiyati o`rtasida ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi.

Bundan ko`zlangan asosiy maqsad - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga shu yil 22 dekabr kuni bo`lib o`tadigan saylovlar jarayonida nogironligi bo`lgan shaxslarni birlashtirgan jamiyatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat.

Mamlakatimizda barcha fuqarolarning, shu jumladan nogironligi bo`lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta`minlashning huquqiy-tashkiliy asoslarlari va samarali mexanizmlari umume`tirof etilgan xalqaro norma va standartlar asosida shakllantirilgan.

Bu joriy yilda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida ham mustahkamlangan. Saylov kodeksida nogironligi bo`lgan fuqarolar o`zining barcha konstitusiyaviy huquqlarini, jumladan saylov huquqini boshqa fuqarolar bilan teng va erkin amalga oshirishi uchun zarur sharoit hamda imkoniyatlar yaratishga alohida e`tibor qaratilgan.

Bitimlarni imzolashga bag`ishlangan tadbirda takidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasi saylovlarga tayyorgarlik jarayonida nogironligi bo`lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga hamisha jiddiy e`tibor qaratib keladi.

Ayni paytda saylov uchastkalari binosini va ovoz berish xonalarini tanlash va jihozlashda O`zbekiston Respublikasi saylov qonunchiligida belgilangan barcha shart-sharoitlarni, xususan uchastka saylov komissiyasining joylashgan eri nogironligi bo`lgan saylovchilarning ovoz berish joyiga kelib-ketishi, binoga kirib-chiqishi, bino ichida harakatlanishi, erkin va to`siqlarsiz ovoz berishi uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, ovoz berish xonalariga olib boruvchi ko`rsatkichlar ko`rinarli joyga o`rnatilishi, uchastka saylov komissiyasi binosida saylov kuni malakali tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etilishiga ham e`tibor qaratiladi.

Deputatlikka nomzodi ko`rsatilgan ijtimoiy faol nogironligi bo`lgan shaxslar o`z saylovoldi dasturini tuzishi va uni saylovchilar o`rtasida targ`ib qilishida har tomonlama ko`maklashiladi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi bilan mazkur jamiyatlar o`rtasida imzolangan kelishuvlar nogironligi bo`lgan saylovchilarning saylov huquqlarini samarali ta`minlashga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar