AsosiyJamiyat

Qozog`iston harbiy delegasiyasi rasmiy tashrif bilan O`zbekistonga keldi

'Qozog`iston harbiy delegasiyasi rasmiy tashrif bilan O`zbekistonga keldi'ning rasmi

Shu kunlarda O`zbekistonga Qozog`iston Respublikasi “Janub” Regional qo`mondonligi qo`mondoni general-mayor Kaydar Karakulov rahbarligidagi harbiy delegasiya rasmiy tashrif bilan kelgan.

27 sentyabr kuni Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazida O`zbekiston Mudofaa vazirligi Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Dilshod Choriev Qozog`iston harbiy delegasiyasini qabul qildi. Suhbat davomida mudofaa sohasida o`zbek-qozoq hamkorligining istiqbollari muhokama qilinib, harbiy yo`nalishda o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo`yicha fikrlar almashildi.

Polkovnik Dilshod Choriev mehmonlarni harbiy okrugning funksiya va vazifalari bilan tanishtirib, ularga Mudofaa vazirligi uchun harbiy mutaxassislarni tayyorlash tizimi hamda okrug harbiy xizmatchilarining respublika va xalqaro harbiy musobaqalardagi yutuqlari haqida aytib o`tdi. Suhbat davomida O`zbekiston tomonidan Qozog`iston harbiylari bilan kelgusida hamkorlikdagi harbiy mashg`ulotlarni o`tkazish, harbiy san`at mutaxassislari bilan treninglar va boshqa tadbirlarni tashkil etish bo`yicha takliflar berildi.

Rasmiy yig`ilishdan keyin mehmonlar Nukus va Urgench garnizonlaridagi harbiy qism va muassasalar bilan yaqindan tanishishdi. Tashrif davomida harbiy xizmatchilarning mini-poligonidagi amaliy mashg`ulotlari, xizmat otlarini minishni o`rgatish bo`yicha mashqlar ko`rsatildi. “Janub” Regional qo`mondonligi qo`mondoni tomonidan zotdor otlar e`tirof etildi. Harbiy qismlarning infratuzilmasi hamda o`quv- moddiy baza Qozog`iston harbiy delegasiyasida taassurot qoldirdi.

I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog`iston Respublikasi davlat muzeyi hamda Xivadagi betakror eski shahar – Ichan-qal`a bo`ylab sayohat Qozog`istonlik hamkasblarda katta qiziqish uyg`otdi.

Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar