AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Valentina Matvienkoni qabul qildi

'Shavkat Mirziyoev Valentina Matvienkoni qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 oktyabr kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Federasiya Kengashi raisi Valentina Matvienkoni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, Valentina Matvienkoni Rossiya Federasiyasi parlamentining yuqori palatasi raisi lavozimiga qayta saylangani bilan tabrikladi hamda ushbu mas`uliyatli faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi do`stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida bugun yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi samarali muloqotlar, Rossiya Prezidentining o`tgan yil oktyabr oyidagi O`zbekistonga tarixiy davlat tashrifi mamlakatlarimizning keng ko`lamli hamkorligini kengaytirishga kuchli sur`at bag`ishlab, uni aniq mazmun bilan boyitdi.

Valentina Matvienko, o`z navbatida, samimiy qabul uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.

Rossiya parlamenti delegasiyasining ushbu tashrifi mamlakatlarimiz ko`p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga qat`iy intilayotganining navbatdagi tasdig`i ekani ta`kidlandi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda hamda savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, innovasion, transport-logistika, agrosanoat, ilmiy-texnik sohalarda istiqbolli loyihalarni ilgari surishda, ta`lim va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishda ikki mamlakat parlamentlarining faol ishtirokiga oid dolzarb masalalar ko`rib chiqildi.

Xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi alohida qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Federasiya Kengashi raisi ko`p qirrali O`zbekiston-Rossiya munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash maqsadida parlamentlararo aloqalarni izchil rivojlantirish borasidagi intilishi qat`iy ekanini tasdiqladi.

Valentina Matvienko joriy yilda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy vakillik hokimiyati organlariga saylovlar muvaffaqiyatli o`tishini tiladi.

    Boshqa yangiliklar