O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 oktyabr kuni yo`l xo`jaligini rivojlantirish va ushbu sohaga investisiyalarni keng jalb qilish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.
Mamlakatimizda jami yuklarning 98 foizi va yo`lovchilarning 88 foizi avtomobil yo`llari orqali tashiladi. Keyingi yillarda yurtimiz eksportida tayyor mahsulotlar ulushi ko`payib bormoqda. Kelgusida uni yanada oshirish rejalashtirilgan. Tovarlarni manzilga tez va sifatli etkazish uchun esa rivojlangan yo`l infratuzilmasi kerak.
Yig`ilishda ushbu sohani rivojlantirish, qurilish loyihalarini barqaror moliyaviy manba bilan ta`minlash masalalari muhokama qilindi.
Avtomobil yo`llarini qurish yoki ta`mirlash ishlariga xalqaro tashkilotlar va xususiy sheriklarni faol jalb qilish zarurligi ta`kidlandi. Jumladan, xalqaro va davlat ahamiyatiga ega 1 ming 600 kilometr uzunlikdagi yo`llarga doir 18 ta yirik loyihani shunday hamkorlik asosida amalga oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Ichki yo`llarni ta`mirlashda hududlarning ishtiroki sezilmayotgani ko`rsatib o`tildi. Moliya vazirligiga respublika byudjetidan faqat umumiy foydalanishdagi yo`llarga, ichki yo`llarga esa mahalliy byudjetdan mablag` ajratish tartibini joriy qilish vazifasi qo`yildi.
Xorijiy davlatlarda yo`l xo`jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik yaxshi rivojlangani qayd etildi. Yo`l bo`yi infratuzilma ob`ektlarini berish orqali loyihalarga investorlarni jalb qilish mumkinligi ta`kidlandi.
Mutasaddilarga davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar doirasida yo`l bo`yi ob`ektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish tartibini ishlab chiqish topshirildi.
Reklama qurilmalarini umumiy foydalanishdagi yo`llarga joylashtirish uchun ruxsat berish vakolatini Avtomobil yo`llari qo`mitasiga o`tkazish taklif etildi.
Umuman, avtomobil yo`llari sohasini tubdan isloh qilish uchun manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, 2020-2030 yillarda Avtomobil yo`llarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta`kidlandi.
Bu strategiyada, avvalo, avtomobil yo`llarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish choralari belgilanadi.
Hozirda Avtomobil yo`llari qo`mitasida ham buyurtmachi, ham pudratchi, ham ekspluatasiya qilish funksiyalari to`planib qolgani oqibatida tizimdagi korxonalar xalqaro loyihalarda ishtirok eta olmayapti. Shu bois qurilish tashkilotlarini qo`mita tarkibidan chiqarib, ular negizida “O`zavtoyo`l” aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, xususiy sheriklar ishtirokida tezkor avtobanlar qurishga katta e`tibor qaratiladi.
Davlatimiz rahbari yo`llar sifatini oshirishni loyihalashtirishdan boshlash kerakligini ta`kidladi. Buning uchun loyiha tashkilotlarini ko`paytirish, ularning moddiy-texnika bazasini va kadrlar tarkibini kuchaytirish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Germaniyalik hamkorlar bilan birgalikda avtomobil yo`llari qurilishi sohasida qo`shma loyiha institutini tashkil etish, yurtimiz iqlimi va qatnov xususiyatlarini hisobga olib, yo`l qurilishi sohasidagi normativ hujjatlarni tubdan qayta ko`rib chiqish zarurligi qayd etildi.
Masalan, mamlakatimizda yo`l qurishda hanuzgacha asosan asfalt-beton ishlatiladi. Bunday yo`llarning xizmat muddati 10-15 yil bo`lib, 4-5 yildayoq ta`mirtalab ahvolga kelib qoladi.
Sement-beton qoplamali yo`llarni qurish 15-20 foizga qimmat bo`lsa-da, ekspluatasiya muddati 2-3 baravar ko`p va saqlash xarajatlari 3 baravar kam.
Yurtimizda sement ishlab chiqarish hajmi ortayotganini inobatga olib, yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan davlat ahamiyatiga ega yo`llarni bosqichma-bosqich sement-beton qoplamaga o`tkazish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Yana bir muammo yo`llarni monitoring qilish bo`yicha avtomatlashgan tizim yo`qligidir. Qaysi yo`ldan qancha og`irlikdagi yuk tashish mumkinligi hammaga ma`lum emas. Me`yordan ortiq og`irlikda yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakati nazorat qilinmayapti.
Shu bois yig`ilishda barcha yo`llarning elektron bazasini shakllantirish, maxsus avtomatlashgan o`lchash vositalarini o`rnatish bo`yicha dastur ishlab chiqish muhimligi ta`kidlandi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, yo`l bo`yi infratuzilmasini xalqaro andozalar asosida loyihalashtirish, xalqaro yo`llarda sifatli servisni tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Qator ko`priklar ta`mirtalab, ayrimlari umuman beega ekani tanqid qilinib, barcha ko`priklarni to`liq xatlovdan o`tkazish, ularni ta`mirlash va tiklash bo`yicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
Kadrlar masalasiga ham e`tibor qaratilib, sohadagi institutlarni yirik loyihalarga biriktirish, ular doirasida ilmiy xodimlar uchun sinov maydonlari va tadqiqot laboratoriyalari tashkil qilish, iqtidorli talabalarning xorijda malakasini oshirish zarurligi ta`kidlandi.
Yig`ilishda belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.






