Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan tayyorlangan “2021 yilgacha bolalarni boshlang`ich ta`limga majburiy bir yillik tayyorlashga to`liq miqyosda o`tish choralari to`g`risida”gi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko`ra, maktabgacha yoshdagi bolalar uchun bepul tayyorlov guruhi 2 sentyabrda boshlanib 25 mayda tugaydi. Tayyorlov guruhi bolalar bog`chasida o`tkaziladi.
Tayyorlov guruhlari to`liq va yarim kunlik guruhlarga bo`linadi. Mashg`ulotlar haftasiga 15 soatdan (kuniga 3-4 soatdan) kam bo`lmaydi. Tayyorlov guruhi ta`lim jarayoniga zamonaviy innovasion pedagogik texnologiyalardan, ta`limning samarali metodlaridan foydalanish orqali davlat o`quv dasturiga asosan amalga oshiriladi.
Hujjatda majburiy yillik tayyorlov guruhining maqsadlaridan biri sifatida bolalarni sog`lom, faol, ijtimoiy moslashgan shaxs sifatida maktabga qadam qo`yishi aytilmoqda. Kursni tugatganlarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
Eslatib o`tamiz, test rejimida bo`lgan bepul majburiy yillik tayyorlov guruhi loyihasini amalda joriy etish o`tgan yili dekabrida boshlangan edi. Loyiha Qoraqalpog`iston tuman va shaharlari, shuningdek, Farg`ona va Toshkent viloyatlaridan amalga oshirilgan edi.
Ushbu qaror loyihasi bo`yicha 17 oktyabrga qadar muhokamalar portalida fikr-mulohazalar bildirish mumkin.






