Oliy Majlis Senati saytida To`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazilishini tartibga solish to`g`risidagi nizom e`lon qilindi.
Qayd etilishicha, to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etiladi.
To`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig`ida o`tkaziladi.
Hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan osh berish marosimining vaqti alohida belgilanadi.
Soat 23:00 dan keyin to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarni davom ettirishga yo`l qo`yilmaydi.
To`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi.
Qo`shaloq to`ylarda 250 nafargacha, u bilan bog`liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.
Dafn etish va motam marosimlari ko`pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida o`tkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno.






