Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati kengashlarining qo`shma qaroriga binoan ishlab chiqilgan “To`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazilishini tartibga solish to`g`risida”gi nizomda Xotin-qizlar qo`mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi va FHDYo organlariga ham alohida vazifalar belgilab berildi.
Xotin-qizlar qo`mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi quyidagi vazifalar uchun mas`uldir:
- to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazishni rejalashtirgan oila vakillari bilan, ayniqsa, nikohning ilk davrlarida er-xotin va ularning ota-onalari o`rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash borasida suhbatlar tashkil etishi;
- xotin-qizlarga to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarni kamxarj qilib o`tkazishni, ularda ortiqcha isrofgarchilikka berilish oila iqtisodiga va yosh oilaning mustahkamligiga salbiy ta`sir ko`rsatishini hayotiy misollar orqali keng tushuntirishi;
- “Ota-onalar universiteti” mashg`ulotlarida sarpo, buyum yig`ishga ruju qo`yish, oila byudjetini noto`g`ri rejalashtirish va boshqa nosog`lom orzu-havaslarning salbiy oqibatlarini tushuntirishi lozim.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi:
- turmush qurish arafasida turgan yoshlar bilan ijtimoiy-psixologik suhbatlar uyushtirishi, ularni oilaviy hayotga tayyorlashi, to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarni ixcham va isrofgarchiliksiz o`tkazish bo`yicha targ`ibot ishlarini olib borishi;
- yoshlar o`rtasida urf bo`layotgan “ommaviy madaniyat”, “sevgi tarixi”, qimmatbaho mashinalar korteji va boshqalarning salbiy oqibatlarini ko`rsatib beradigan ijtimoiy roliklar va filmlar, badiiy asarlar tayyorlash hamda targ`ib qilish tadbirlarini amalga oshirishi lozim.
FHDYo organlari:
- nikohdan o`tish maqsadida ariza bergan shaxslar hamda ularning ota-onalari bilan yashash joylarida, mahallada suhbatlar uyushtirishi, ularga nikohdan o`tish tartib-taomillari, to`y marosimlarini kamxarj va ixcham o`tkazish bo`yicha tushuntirish berishi;
- mahalliy davlat hokimiyati va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda din ulamolari, tibbiyot xodimlari, psixologlar ishtirokida “Yosh kelin-kuyovlar klubi”, “Oila maktabi”, “Qudalar suhbati” kabi kurslar tashkil qilishi;
- nikohdan o`tish haqidagi arizani ro`yxatdan o`tkazgandan so`ng uch ish kunida nikohlanuvchi shaxslar yashayotgan mahalla fuqarolar yig`inini bu haqda xabardor qilishi lozim.






