Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati kengashlarining qo`shma qaroriga binoan ishlab chiqilgan “To`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar o`tkazilishini tartibga solish to`g`risida”gi nizomda ichki ishlar organlariga ham qator vazifalar belgilab berildi.
Xususan, ichki ishlar organlari profilaktika inspektori fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan birgalikda fuqarolar o`rtasida to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarni ixcham va kamxarj o`tkazishga, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini aholi ongiga singdirishga, to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarning shuhratparastlik va dabdaba bilan o`tkazilishining oldini olishga qaratilgan aniq va maqsadli profilaktik tadbirlarni tashkil etishi, shuningdek bunday tadbirlar davomida jamoat tartibini ta`minlashi lozim.
To`yxona, kafe va restoranlar ma`muriyati rejalashtirilayotgan to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar haqida ushbu tadbirlar o`tkazilishidan kamida ikki kun oldin tegishli hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda xabar berishi lozim.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarni o`tkazishga oid qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan doimiy deputatlik nazoratini amalga oshiradi.
Deputatlik nazorati natijalari bo`yicha mahalliy urf-odatlar, milliy an`analardan kelib chiqib, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan ushbu Nizom doirasida tegishli hududdagi to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarni o`tkazish bilan bog`liq boshqa qo`shimcha talablar hamda tavsiyalar belgilanishi mumkin.






