Mehrning me`yori yoxud «asalning ozi shirin» (Hajviya)

Mutolaa 07.10.2019, 15:14
Teglar: hajviya, mehr
Mehrning me`yori yoxud «asalning ozi shirin» (Hajviya)

Ozroq uyquga to`yadigan kunim – yakshanba. Bugun shirin uyqumni telefon qo`ng`irog`i buzdi. 

– Abdulazizmisan? Salom,– deya notanish kimsaning ovozi eshitildi. Senlab gapirishiga qaraganda qaysidir qarindoshim yoki eski tanishlardan bo`lsa kerak. U xuddi tepamda turib gapirayotganga o`xshardi. – Ha, uyqusirab yotibsanmi? O`zi talabalikdayam uyquchi eding... 

– Assalomu alaykum, – dedim kimligini eslolmay. 

– Ha, tanimadingmi? Shunaqa, katta shaharda yurganlar bizdaqalarni tanimaysizlar-da...

Qochirim gapidan daf`atan esladim. Talabalar shaharchasida yotoqxona komendanti bo`lgan Shakarbek aka! Yangi o`quv yili boshlanganida ko`zimizga avliyodek ko`rinar, xonamizga joylashganimizdan keyin ham mehr ko`rsatib yurardi. O`zi Biologiya fakulteti kechki bo`limida o`qir, mendan kitob so`rab turar, ba`zan konspekt yozib berishimni iltimos qilardi... 

– E-yyy, Shakarbek aka! Sizni unutib bo`ladimi!.. 

– Yashavor, ukaginam! O`zi oqibatli bola eding-da… Doim eslab, sog`inib yuraman. Telefon raqamingni bittasi bergandi, suyunib ketdim, – dedi u samimiy ohangda. – Qara, tanishganimizga qirq yildan oshibdi. Gapirishing o`sha-o`sha! Oltin zanglamas, deganlaridek, o`zing tilla bola eding-da... 

Qadrdonimning sog`inchga to`la gurungini bir soatcha jimgina eshitdim. Shu paytgacha qilgan ishlari haqida to`lib-toshib so`zlardi. 

– Endi o`zingdan gapir, – dedi nihoyat menga so`z navbatini berib.– Qaerda ishlab yuribsan? 

Shu payt eshik qo`ng`irog`i jiringlab, qo`shnimiz oshga chaqirib qoldi. Darvoqe, bugun mahalla oqsoqolining muovini to`yga taklif etgandi... 

Shakarbek aka bilan gapni qisqa qilib, to`yga otlandim. 

Kechki payt yana qo`ng`iroq jiringladi: 

– Abdulazizbek, inim, endi hangomani davom etkizsak bo`ladimi? – Mahtal bo`lib o`tirgandek gap boshladi Shakarbek aka. 

– Bemalol, – dedim ishtiyoq bilan. 

Eski qadrdonlar bilan hangomaning gashti boshqacha-da. Xuddi yoshlik bog`larida qaytadan sayr qilib yurgandek bo`lasan. Shakarbek aka Miyonqolda shuncha yil ishlab, endi pensiyaga chiqqanini, Toshkentga kelsa, albatta meni topishini aytganida sevinib ketdim. 

– Ungacha telefon orqali diydorlashib turamiz,– dedi u.– Davralarda o`qigan she`rlaringni sog`inaman. Ko`p gaplaringni eslab yuraman...

Bir mahal soatga qarasam, yarim tundan oshibdi. 

Ertalab uydan chiqqanim hamono mobil telefonim jiringladi. 

– Ishga ketayotgan bo`lsang kerak-a? – Ko`rib turgandek gap boshladi Shakarbek aka.– Qancha vaqtda etasan? Yarim soatda, deysanmi? Juda soz. Manzilingga etguncha mazza qilib hangoma qiliiib boramiz... Pensiyaga chiqqanimdan buyon uyda o`tiraman. Sen bilan gurunglashgan sayin mazza qilib engil tortayapman. 

Ishxonamga etib borguncha chindan ham gurung qizidi. 

Uyga qaytishimda yana qo`ng`iroq orqali hangoma davom etdi. 

Shakarbek akaning gaplari shakardan shirin! Talabalar shaharchasida kechgan o`sha o`t-olovli davrimizni kunma-kun eslatar, ajib xotiralarni ko`z o`ngimda go`yo qayta jonlantirardi. 

Gap-gap bilan tun yarmidan oqqanini sezmay qolibman... 

Ertasi kuni yana yo`l-yo`lakay gurung qizidi. 

Suhbat zo`r bo`lsa, vaqt o`tganini sezmay qolasan. Bir pastda ishxonamga etib kelgandekman. Kun bo`yi uning gap-so`zlarini o`ylab yuradigan bo`lib qoldim. Shakarbek akaga qoyil, talabalik davri ko`rgan-kechirganlarimizni daqiqama-daqiqa xotirasida saqlagan! Hammasini birma-bir aytayotganida ajib manzaralar ko`z o`ngimda qaytadan jonlanaveradi... 

Kechki payt yana qo`ng`iroq, u yog`i yarim tungacha... 

Ertalab hangomaning davomi, bu yog`i ishxonaga etguncha... 

O`zim sergapligimdan xijolat chekib yurardim. (Buning uchun qancha dashnom eshitganman). Biroq, Shakarbek akaning oldida ip esholmas ekanman-ku. Bay-bay-bay, gaplari xuddi marjondek, kinossenariyning o`zginasi. Har bir epizod ko`z oldingdan lentadek o`taveradi. 

Ishdan qaytishda yana hangoma, ko`z yumilguncha... U yog`i tushga ulanib ketadi. 

Telefon “jiring” desa, yuragim “shiring” etib ketadigan bo`lib qoldi. 

Odam hangomaga ham to`yarkan. Bizniki oshib-toshib ketdi. 

Qancha ishlarim chala qolyapti. Ne holki, poyoni ko`rinmas hangomalardan mehr bulog`iga g`arq bo`lib ketyapman. Mehrning me`yori bo`lishini anglab etdim. Asalning ozi shirin, degan maqolni teranroq tushundim... 

Biroq, buni o`sha mehribon insonga tushuntirishga ojizman.

“Aka, bo`ldi-da endi, ko`p ishlarim qolib, miyam achib ketayapti. Haftada bir marta telefonlashsak etib-ortadi” deyishga menda til, eshitishga unda quloq etishmaydi... 

Buni hech qachon o`ziga ayta olmasam kerak. Qirq yillik qadrdonni ranjitib qo`ygandan ko`ra miyamning qatig`i chiqib ketgani ma`qul... 

Yusufbek hoji ta`biri bilan aytganda, Shakarbek akaning har narsaga etgan aqli shunga qolganda “oqsagani” chatoq-da... 

Xo`sh, aziz o`quvchim, mening holimga tushib qolsangiz, siz qandoq yo`l tutgan bo`lar edingiz? 

To`lqin EShBEK 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1