2019 yil 9 oktyabrda Prezident tomonidan«Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi Huquqiy axborot kanalida ma`lum qilindi.
Qarorga ko`ra, 2020 yildan boshlab suv etkazib berish bo`yicha xarajatlarning bir qismini suv iste`molchilari tomonidan qoplash mexanizmlari joriy etiladi.
Shuningdek, suv xo`jaligi ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizasiya qilish xarajatlaridagi byudjet mablag`lari ulushi bosqichma-bosqich kamaytiriladi.
Shu bilan birga:
👉 suv xo`jaligi sohasidagi dolzarb yo`nalishlar bo`yicha kamida 10 ta ilmiy va innovasion ishlanma amaliyotga joriy etiladi;
👉 suv xo`jaligi ob`ektlarida elektr energiyasi iste`moli kamida 10 foizga qisqartiriladi;
👉 300 ta suv xo`jaligi inshooti va gidrouzelda suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimi avtomatlashtiriladi;
👉 sho`rlangan er maydonlari ulushi 45 foizgacha kamaytiriladi.
Qarorga ko`ra, Suv xo`jaligi vazirligi huzurida Suv xo`jaligi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tashkil etildi.
Agentlik suv xo`jaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyihalarni shakllantirish va ishlab chiqish hamda amalga oshirishga mas`ul hisoblanadi.
Shuningdek, qarorga ko`ra, suv xo`jaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga 2019 yil 1 noyabrdan 1,1 va 2020 yil 1 yanvardan 1,2 miqdorda tuzatish koeffisientini qo`llash hisobiga ularning ish haqi oshiriladi.
2019 yil 1 noyabrdan boshlab suv xo`jaligi tashkilotlari rahbarlari har chorakda tegishli tuman xalq deputatlari Kengashiga suv resurslarini boshqarish holati to`g`risida hisobot kiritadi.