Tashqi beg`araz ko`mak mablag`larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi O`zbekiston Respublikasining donorlar bilan hamkorligini rivojlantirish va samaradorligini oshirish borasida takliflar ishlab chiqish bo`yicha vakolatli organ etib belgilandi.
Shuningdek, Farmonga ko`ra, davlat organlari qiymati 100 ming AQSh dollaridan ortiq bo`lgan grantlarni tashqi beg`araz ko`mak mablag`larini jalb etish va donorlar bilan hamkorlik qilish dasturlariga kiritgan holda jalb etadi.
Farmon bilan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Evropa Ittifoqining O`zbekistondagi Komissiyasining texnik ko`magini muvofiqlashtirish byurosi (O`zByuroKES) tugatildi.
Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Tashqi beg`araz ko`makni muvofiqlashtirish departamenti tashkil etildi.
✅ Farmonga ko`ra, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab:
👉 O`zbekiston Respublikasiga donorlar delegasiyalari tashriflarini va ularning rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlarini tashkil etish bo`yicha so`rovlarni Tashqi ishlar vazirligiga oldindan yuborish muddati 30 ish kunidan 15 ish kunigacha qisqartiriladi;
👉 grant oluvchilar tomonidan bank hisobvaraqlaridan ko`chirmalarni, shuningdek, texnik ko`mak mablag`lari to`g`risida axborot va idoraviy hisobotni Moliya vazirligining G`aznachiligiga taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
👉 grant oluvchilar har chorakda olingan va o`zlashtirilgan grantlar hamda amalga oshirilayotgan tashqi beg`araz ko`mak loyihalari to`g`risidagi ma`lumotlarni Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etadi;
👉 davlat organlari rahbarlari grant mablag`larini jalb qilishda bevosita qatnashgan hodimlarni mehnatga haq to`lash minimal miqdorining 15 baravarigacha bir yo`la mukofotlash tarzidagi rag`batlantirishga haqli bo`ladi.






